Pretzelning vatani Germaniya. U juda qadimdan tayyorlanib kelgan. Pretzel XVIII asrlarda Germaniyalik emigrantlar bilan birga AQSHga borgan. Hozirda pretzelni dunyoning juda ko‘p joyida topish mumkin. Pretzel tayyorlash qiyin emas. Quyidagi retsept bo‘yicha tayyorlangan pretzel doim mazali va chiroyli bo‘lib chiqadi.
Buning uchun elangan unning ustiga shakar, tuz va xamirturushni soling. Xamirturush va tuz bir-biridan uzoqroqqa solinsin. Hammasini aralashtirib oling. Alohida idishda eritilgan margarin va iliq suvni aralashtirib oling.
Endi suyuq mahsulotlarni unli aralashmaga quyib, xamir qoring. Pretzel uchun xamir yumshoq lekin qo‘lga yopishmaydigan bo‘ladi. Xamirga 10 minut davomida ishlov bering.
Keyin uni yog‘langan idishga solib, ustini o‘rang. Xamirni 1 soat davomida oshiring.
Oshib chiqqan xamirni mushtlab havosini chiqarib yuboring. Keyin uni teng 8ga bo‘ling. Xamirlarni dumaloqlab oling.
Pretzel tugish
Endi bitta zuvalani olib, 40 sm uzunlikda, arqon shaklida cho‘zib oling.
Cho‘zilgan xamirni U shakliga qo‘ying.
Keyin ikkala uchini ikki marta bir-biridan o‘tkazing.
Endi xamirning uchlarini, uning o‘rtasiga olib keling. Barmoq bilan biroz bosing.
Tugilgan pretzelni qog‘oz solingan listga qo‘ying. Zuvalaning hammasini shu usulda tugib oling.
Endi pretzellarning ustini o‘rab, 20 minut tindiring. Bu orada pretzel yana biroz ko‘tariladi. Lekin uzoq oshirmang, chunki bu non emas.
Pretzel qaynatish
1 litr suvni idishda qaynatib oling. Keyin uning ustiga ichimlik sodasini qo‘shing. Endi olovni paslating. Yengil qaynayotgan suvga bitta pretzel soling va 20 sekund qaynating. Keyin uni ontarib, ikkinchi tomonini ham 20 sekund qaynating. Endi uni suvdan chiqarib qayta listga qo‘ying.
Pretzellarning hammasini shu usulda qaynatib oling.
Endi ularning ustiga tuxum sarig‘i va sutli aralashmani surkang. Men pretzellarning 4 donasiga dengiz tuzidan sepdim. 4 donasiga esa sepmadim. Chunki 4 donasini shirin pretzel qildim.
Pretzelni 20 minut davomida 180°C-200°C qizib turgan duxovkada pishiring. Men ventilyatori bor duxovkadan foydalandim, shuning uchun 180°Cda 20 minut pishirdim.
Pishib chiqqan pretzellarning 4 donasi ustiga, tuz sepilmaganlari, eritilgan sariyoqqa botirib oling. Keyin ularning ustiga shakar va dolchinli aralashmani seping.
Hamma pretzellar tayyor, ularni iliqligida dasturxonga torting. Pretzelni shunday o‘zini yoki sendivich shaklida yeyish mumkin. Men ham tuzli pretzelga ispancha usulda tayyorlangan halol salyami va pishloq qo‘shib sendvich tayyorladim. Juda mazali chiqdi.
Pretzelni suvda uzoq qaynatmang. Bo‘lmasa xamir uzoq chaynaladigan bo‘lib qoladi.
Pretzelning ustiga tuzdan tashqari yana qattiq pishloqlar masalan, parmazan pishlog‘i yoki yong‘oq maydasi sepish mumkin.
Pretzel ichimlik sodasida qaynatilganligi uchun uning rangi juda chiroyli chiqadi.
Blogda bagel va boshqa mazali nonlarning ham retseptini topasiz.
Veb sahifa: www.juvajon.com
Medovik tortining retseptlari juda ko‘p. Hammasi o‘ziga yarasha mazali va… Qolganini o'qish
Qizil barxat torti AQSHning Mariland shtatida XX asrning boshlarida paydo… Qolganini o'qish
Bolonya spagettisi Italiyaning shimolida joylashgan Bolonya shahrida birinchi marta tayyorlangan… Qolganini o'qish
Afg‘oncha napoleon torti O‘zbekistonda keng tarqalgan tortlardan biri. Uning mazasi… Qolganini o'qish
Frittata juda mazali, hamda oqsil va vitaminlarga boy. Nonushta yoki… Qolganini o'qish
Oshqovoqli karri yana bir ajoyib hind taomidir. Bu sog‘lom va… Qolganini o'qish