Nonlar

Qatlama – yana bir ajoyib o‘zbekcha non


Qatlama O‘rta Osiyoda joylashgan hamma mamlakatlarda va ayrim Janubiy Osiyo mamlakatlarida tayyorlanadi. Uning turlari ko‘p bo‘lib, qatlama odatda xamirturushli yoki oddiy xamirdan tayyorlanadi. Lekin uning hamma turida xamirning orasiga yog‘ surkalib qavatlar paydo qilinadi. Quyidagi retsept qatlamaning vodiyda tayyorlandaigan turidir. Qatlama odatda to‘y-marosimlarda kelinning oilasi tomonidan tayyorlanib, kuyov tomonga jo‘natiladi. Lekin qatlamani har kunli tamaddi uchun ham tayyorlash mumkin. Qadimda qatlama ayniqsa nonushta uchun tayyorlangan, chunki u davrlarda ko‘p ayollar ishga bormagan va ertalabda nonushta tayyorlash uchun vaqti ko‘proq bo‘lgan.

Kerakli mahsulotlar (4 dona 25 smli qatlama uchun):

  • 550 gr un
  • 150 ml iliq sut
  • 150 ml iliq suv
  • 1 choy qoshiq tuz
  • 1 choy qoshiq shakar
  • 100 gr sariyog‘, ya’ni kuydirilgan qaymoq (yo‘q bo‘lsa eritilgan margarin yoki mol yog‘i)
  • 100 ml o‘simlik yog‘i

Qo‘g‘irish uchun:

  • 300 ml atrofida o‘simlik yog‘i

Ishni xamir qorishdan boshlaymiz. Buning uchun iliq suv va sutni aralashtirib olamiz.

Alohida idishda esa elangan un, tuz va shakarni aralashtiramiz.

Endi  unning ustiga tuxumni chaqamiz va suyuqlikni quyib qattiqroq xamir qoramiz.

Xamirga yaxshilab 8 minut atrofida ishlov beramiz. Endi xamirni 2 yoki 3 ta zuvalaga bo‘lib, ustini o‘rab 20-25 minut tindiramiz.

Qatlama uchun xamir yoyish

Zuvalaning bittasini olib uni supra yoki stolning ustida un sepib yoyib olamiz. Xamir katta dumaloq qilib yoyiladi. Ora-orada un sepilsa uni yoyish oson bo‘ladi. Xamir qo‘ldan kelgancha yupqa yoyilishi kerak, yupqaroq yoyilsa qatlamaning qavati ko‘proq bo‘ladi va mazaliroq chiqadi. Men odatda xamirning orqasidan stol ko‘ringuncha yoyaman.

Endi bu xamirni dasturxon solingan yuzaga yoyib qo‘yamiz va darrovda xamirning ikkinchisini ham yoyib olamiz.

Eritilgan sariyog‘ va o‘simlik yog‘ini aralashtirib olamiz va buning yarmini birinchi xamirning ustiga surkab olamiz.

Endi ikkinchi xamirni o‘qlovga o‘rab birinchi xamirning yoniga keltiramiz va ustiga qo‘yamiz. Bunga ham yog‘ning qolgan qismini surkaymiz (rasmga qarang).

Keyin xamirni ikki chetidan, o‘rtasiga olib kelamiz (rasmga qarang). Natijada endi xamir to‘rt qavat bo‘ladi.

O‘qlovni xamirning bir chetiga qo‘yib unga xamirni rulet qilib o‘rashni boshlaymiz.

O‘rab bo‘lgach uzunasiga pichoq bilan kesib olamiz va xamir uzun lenta shakliga keladi. Endi bu lentani uzunasiga o‘rtasidan bo‘lib olamiz.

Har bir lentani ham diagonal yo‘nalishda ikkiga bo‘lamiz. Hammasi bo‘lib to‘rt dona lenta bo‘ldi. Bu lentalarni o‘rab chiqamiz.

O‘ralgan lentalarni qo‘lning kafti bilan yapaloqlab olamiz.

Bularni idishga terib va ustini o‘rab xolodilnikka kamida 40 minutga solib qo‘yamiz. Men qatlamalarni nonushtaga tayyorlayman va o‘ralgan qatlamining xamirini kechasi bilan xolodilnikda qoldiraman.

Qatlama qo‘girish

Vaqt o‘tgach bitta xamirni olib juva yordamida yoyib olamiz, qalinligi 0.5 sm, doirasi esa 25 sm bo‘lishi kerak.

Endi 25 sm dan kattaroq bo‘lgan tovaga 100 ml atrofida o‘simlik yog‘i quyamiz va qizigach unga qatlamini solamiz. Qatlamini o‘rtacha olovda bir tomonini 3-4 minutdan pishiramiz. Ikkala tomoniga 4-6 minut ketadi. Bir tomoni qizargach, ehtiyotkorlik bilan kapgir yordamida ontarib olamiz.

Pishgan qatlamini qog‘oz salfetkaga qo‘yamiz (ortiqcha yog‘ini tortib olishi uchun).

Shu usulda qatlamalarning hammasini pishirib olamiz. Odatda xamir yog‘ni biroz tortib oladi, shuning uchun tovaga kerak bo‘lganda yog‘ quyib turamiz.

Hamma qatlamalar pishgach ularning ustiga xohishga qarab mayda shakardan sepamiz.

Qatlamalar issiqligida ularni dasturxonga tortamiz. Men ikkitasini shakar bilan, qolgan ikkitasini esa shakarsiz dasturxonga tortdim. Yana qatlamalarni asal bilan ham yeyish mumkin.

E’tibor qiling:

Yaxshi ishlov berilgan va yetarli tindirilgan xamirni yoyish oson bo‘ladi.

Qatlamalarni yog‘ solmasdan tovaning o‘zida ham pishirish mumkin. Bunday usulda pishgan qatlama ham mazali bo‘ladi, lekin uncha ko‘tarilmaydi.

Qatlamalarning o‘ralgan xamirini xolodilnikda 3-4 kungacha saqlash mumkin, kerak bo‘lganda yoyib pishiriladi. Yana ularni muzlatish mumkin, lekin unda oldin yoyib olib keyin muzlatish kerak. Orasiga esa fergament qog‘ozidan solish kerak.

Qatlama yangiligida eng shirin bo‘ladi, lekin ortgan qatlamani shira choy bilan yeyilsa (bolaligimdan esladim) u ham juda mazali bo‘ldi.

Yoqimli ishtaha!!!

Blogda yana boshqa o‘zbekcha pishiriqlarning retseptini ham topishingiz mumkin. Masalan, qozon somsa va jizzali non.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com

Eng so'nggi retseptlar

Medovik torti (Klassik turi)

Medovik tortining retseptlari juda ko‘p. Hammasi o‘ziga yarasha mazali va… Qolganini o'qish

Qizil Barxat torti (Red velvet cake)

Qizil barxat torti AQSHning Mariland shtatida XX asrning boshlarida paydo… Qolganini o'qish

Bolonya spagettisi – Spaghetti bolognese

Bolonya spagettisi Italiyaning shimolida joylashgan Bolonya shahrida birinchi marta tayyorlangan… Qolganini o'qish

Afg‘oncha napoleon torti

Afg‘oncha napoleon torti O‘zbekistonda keng tarqalgan tortlardan biri. Uning mazasi… Qolganini o'qish

Frittata – yoki Italiyancha omlet

Frittata juda mazali, hamda oqsil va vitaminlarga boy. Nonushta yoki… Qolganini o'qish

Oshqovoqli karri- go’shtsiz sog’lom taom

Oshqovoqli karri yana bir ajoyib hind taomidir. Bu sog‘lom va… Qolganini o'qish