Asosiy taomlar

Qozon somsa – qadimiy taom

Bu taom o‘zbek oshxonasida qadimdan uchraydi va u odatda vodiy tomonlarda ko‘p tayyorlangan. Qozon somsa katta marosimlarga masalan, to‘y, ma’rakalarga tayyorlangan. Yana “mazar yedi” marosimida albatta qozon somsa ham jo‘natilgan. Hozirda u negadir kam tayyorlanadi va yosh qizlarning ko‘pchiligi uni qanday tayyorlashni bilmaydi.

Kerakli mahsulotlar (21 dona qozon somsa uchun):

Xamiriga:

  • 580 gr atrofida un
  • 300 ml iliq suv
  • 2 dona tuxum
  • 1 choy qoshiq tuz
  • 100 gr sariyog‘
  • 100 ml o‘simlik yog‘i

Qiymasi uchun:

  • 400 gr mol go‘shtining qiymasi
  • 2 dona piyoz
  • 1 osh qoshiq o‘simlik yog‘i
  • Ziravorlar:  1 choy qoshiqdan zira, kashnich urug‘i, bulg‘or qalampir maydasi, ta’bga qarab tuz va murch

Ziravorlarning hammasi mayda bo‘lishi kerak.

  • Qo‘g‘irish uchun 500 ml o‘simlik yog‘i

Avvalo xamir qoramiz. Buning uchun tuz va suvni aralashtiramiz. Endi laganda tuxum va tuzli suvni qo‘shib olamiz. Ustiga unni solib qattiqroq xamir qoramiz (mantining xamiri qattiqligida).

 Xamirga yaxshilab 8 minut atrofida ishlov beramiz. Endi xamirni 2 yoki 3 ta zuvalaga bo‘lib, ustini o‘rab 20-25 minut tindiramiz.

Ungacha qiymani tayyorlab olamiz. Tovaga 1 osh qoshiq yog‘ni quyamiz va qizigach go‘shtni solamiz. Go‘sht jigarrang bo‘lguncha qo‘g‘iramiz. Endi ustiga mayda qilib to‘rg‘algan piyozni solib yana qo‘g‘irishda davom etamiz.

Keyin ziravorlarni qo‘shamiz.Go‘sht pishgach olovni o‘chiramiz va qiymani sovishi uchun bir chetga olib qo‘yamiz.

Qozon somsa uchun xamir yoyish va tugish

Yana xamir bilan ishlashga qaytamiz. Zuvalaning bittasini olib uni surpa yoki stolning ustida un sepib yoyib olamiz. Xamir katta dumaloq qilib yoyiladi. Ora-orada un sepilsa uni yoyish oson bo‘ladi.

 Xamir qo‘ldan kelgancha yupqa yoyilishi kerak, shunda qozon somsa mazaliroq chiqadi. Men odatda xamirning orqasidan stol ko‘ringuncha yoyaman.

Endi bu xamirni dasturxon solingan yuzaga yoyib qo‘yamiz va darrovda xamirning ikkinchisini ham yoyib olamiz. Eritilgan sariyog‘ va o‘simlik yog‘ini aralashtirib olamiz va buning yarmini birinchi xamirning ustiga surkab olamiz.

Endi ikkinchi xamirni o‘qlovga o‘rab birinchi xamirning yoniga keltiramiz va ustiga qo‘yamiz. Bunga ham yog‘ning qolgan qismini surkaymiz (rasmga qarang).

O‘qlovni xamirning bir chetiga qo‘yib unga xamirni rulet qilib o‘rashni boshlaymiz.

O‘rab bo‘lgach uzunasiga pichoq bilan kesib olamiz va xamir uzun lenta shakliga keladi.

Endi xamir qavatlarini teng o‘rtasidan ajratib olamiz, natijada ikkita lenta paydo bo‘ladi.

Bu lentalarni 4.5-5 sm kenglikda kesib olamiz.

Xar bir kesilgan xamirchaga 1 osh qoshiqdan qiyma solib chiqamiz.

Keyin o‘rtasidan buklab tugib olamiz, qiymaning eng chetki tomonini barmoq bilan bosib chiqamiz va yopishtirib olamiz. Qozon somsalarning hammasini mana shunday usulda tugib olamiz.

Endi qozonchaga 250-300 ml o‘simlik yog‘i quyamiz (miqdori qozonning kattaligiga bog‘liq). Yog‘ qizigach olovni sal paslatamiz va 3-4 dona qozon somsani solib avval bir tomonini qo‘g‘iramiz.Keyin esa ontarib, boshqa tomonini qizartirib olamiz. Odatda ikki tomoni uchun 4 minut ketadi.

Pishgan qozon somsalarni yog‘ini sal silkib, qog‘oz salfetkaga qo‘yib turamiz. Hamma qozon somsalarni shu usulda qo‘g‘irib olamiz. Agar yog‘ ozaysa yana ustiga yog‘ quyib olamiz.

Hammasi tayyor bo‘lgach ularni issiqligida choy bilan birgalikda dasturxonga tortamiz. Yana xohishga qarab yalpiz qo‘shilgan qatiqni ham birgalikda qo‘yish mumkin.

E’tibor qiling:

Yaxshi ishlov berilgan va yetarlicha tindirilgan xamirni yoyish oson bo‘ladi.

Qozon somsalrni qog‘irishda birdaniga ko‘p qozon somsa solib yubormang, bo‘lmasa yog‘ning harorati tushib ketadi va qozon somsalar yumshoqroq bo‘lib qoladi.

Yana qozon somsalarning ichiga pishgan kartoshkadan ham qiyma tayyorlasa bo‘ladi. Umuman qiyma solmasdan pishirish ham mumkin. Bunday pishirilsa issiqligida ustiga mayda shakar yoki shakar kukuni sepish mumkin.

Yoqimli ishtaha!!!

Blogda duxovkada pishgan ikki xil somsa parmuda somsa va somsa kabobning ham retseptlarini topasiz.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com

Share
Taglar: somsa

Eng so'nggi retseptlar

Medovik torti (Klassik turi)

Medovik tortining retseptlari juda ko‘p. Hammasi o‘ziga yarasha mazali va… Qolganini o'qish

Qizil Barxat torti (Red velvet cake)

Qizil barxat torti AQSHning Mariland shtatida XX asrning boshlarida paydo… Qolganini o'qish

Bolonya spagettisi – Spaghetti bolognese

Bolonya spagettisi Italiyaning shimolida joylashgan Bolonya shahrida birinchi marta tayyorlangan… Qolganini o'qish

Afg‘oncha napoleon torti

Afg‘oncha napoleon torti O‘zbekistonda keng tarqalgan tortlardan biri. Uning mazasi… Qolganini o'qish

Frittata – yoki Italiyancha omlet

Frittata juda mazali, hamda oqsil va vitaminlarga boy. Nonushta yoki… Qolganini o'qish

Oshqovoqli karri- go’shtsiz sog’lom taom

Oshqovoqli karri yana bir ajoyib hind taomidir. Bu sog‘lom va… Qolganini o'qish