Bugun sizlarni Ratatuy tayyorlash bilan tanishtiraman. Bu taomni, yoki shu nomli multfilmni, eshitganlar ko‘p bo‘lsa kerak. Ratatuy bu Fransiyaning Nice (Nitsa) shahrida paydo bo‘lgan taomdir. Ratatuyni yoz oylari va kuzning boshlarida tayyorlash juda qulay. Bu mazali va sog‘lom taomni tayyorlash unchalik qiyin emas. Marhamat retsept bilan tanishing.
Eng birinchi bo‘lib ratatuy uchun baqlajonlarni yupqa qilib, diagonal yo‘nalishda kesib olamiz. Keyin ularni tuzli suvga ivitib qo‘yamiz. Baqlajonning taxir ta’mi chiqib ketishi uchun.
Tovaga 2 osh qoshiq zaytun yog‘ini quyamiz. Yog‘ qizigach, uning ustiga mayda to’rg’algan piyozni solamiz.
Piyoz biroz qo‘g‘irilgach uning ustiga to‘rg‘algan seldr, bulg‘or qalampirini solamiz.
Keyin to‘rg‘algan chesnokni qo‘shamiz. So‘ng ezilgan pomidorlarni solamiz. Ustiga 100 ml atrofida suv quyamiz (suvning miqdori pomidorning qanchalik suvli ekanligiga bog‘liq).
Pomidor biroz pishgach unga sirka va limonning sharbatini qo‘shamiz. Ularning ortidan esa shakar, tuz, murch va kekikni solamiz.
Eng oxirida rayhon barglari va lavr bargini solamiz. Ratatuy uchun sousni 20 minut atrofida past olovda qaynatamiz.
Keyin olovni o‘chiramiz. Lavr bargini olib tashlaymiz. Endi sousni blenderda ezib olamiz. Sous tayyor.
Sabzavotlarning hammasini diagonal yo‘nalishda kesib olamiz. Ularni baqlajonning hajmiga moslashga harakat qiling.
Endi issiqqa chidamli idishni yog‘laymiz. Uning ustiga ratatuy uchun sousni quyamiz.
Bittadan baqlajon, pomidor, bulg‘or qalampiri, yashil va sariq yoz qovoqlarini qator teramiz va sousning ustiga qo‘yamiz. Sabzavotlarning hammasini shunday usulda terib chiqamiz.
2 osh qoshiq zaytun yog‘i, to‘rg‘algan rayhon barglari, tuz va murch aralashtiramiz. Bu aralashmani terib chiqilgan sabzavotlarning ustiga surkaymiz.
Endi ratatuyni 190⁰Cda qizib turgan duxovkada 40 minut ustini o‘rab pishiramiz. Keyin esa 20 minut ustini ochib pishiramiz. Hammasi bo‘lib ratatuy pishishiga 1 soat vaqt ketadi.
Tayyor ratatuyni dasturxonga issiqligida tortamiz. Odatda ratatuy baget noni bilan dasturxonga tortiladi. Blogda fransuz bagetining retseptini ham topasiz.
Ratatuy uchun sousni blenderda ehtiyotkorlik bilan aralashtiring. Chunki issiq sous kuydirishi mumkin. Xohlasangiz sousni oldin sovitib keyin blenderda ezing.
Ratatuy ertasiga ham juda mazali bo‘ladi, faqat tanovuldan oldin isitish kerak.
Blogda Nice shahridan kelib chiqqan yana bir ajoyib salatning retseptini ham topasiz.
Veb sahifa: www.juvajon.com
Medovik tortining retseptlari juda ko‘p. Hammasi o‘ziga yarasha mazali va… Qolganini o'qish
Qizil barxat torti AQSHning Mariland shtatida XX asrning boshlarida paydo… Qolganini o'qish
Bolonya spagettisi Italiyaning shimolida joylashgan Bolonya shahrida birinchi marta tayyorlangan… Qolganini o'qish
Afg‘oncha napoleon torti O‘zbekistonda keng tarqalgan tortlardan biri. Uning mazasi… Qolganini o'qish
Frittata juda mazali, hamda oqsil va vitaminlarga boy. Nonushta yoki… Qolganini o'qish
Oshqovoqli karri yana bir ajoyib hind taomidir. Bu sog‘lom va… Qolganini o'qish