Jizzali patir o‘zbek nonlarining eng mazali vakillaridan biridir. Qadimdan bu non uyda, bekalar tomonidan tayyorlangan, ya’ni novvoyxonalardan sotib olinmagan. Odatda bu non tandirda yopilgan. Hozirda ko‘p uylarda tandir qurilmaydi, shuning uchun men duxovkada jizzali patir tayyorlash retseptini bo‘lishaman.
Avval xamirni qorib olamiz. Buning uchun iliq suv, shakar va xamirturushni aralashtirib olamiz. Idishga un va tuzni solib aralashtiramiz.
Endi suvli aralashmani va yog‘ni unning ustiga quyib yumshoq, lekin qo‘lga yopishmaydigan xamir qoramiz.
Xamirga yaxshilab 8 minut atrofida ishlov beramiz.
Keyin uni zuvala qilib, ustini o‘rab 45-60 minut davomida xamirni oshiramiz.
Xamir oshguncha jizzani tayyorlab olamiz. Mayda kesilgan yog‘ni qizigan tovaga soling va yog‘ erib tilla rang bo‘lguncha qizdiring.
Endi jizzalarni suzib oling va olovni o‘chiring. Bizga bu retseptda faqat jizza kerak bo‘ladi, yog‘ini boshqa taom uchun olib qo‘ying.
Sovigan jizzalarni yarim uzuk qilib to‘rg‘algan piyoz va tuz bilan yaxshilab ezib aralashtirib oling va bir chetga surib qo‘ying.
Yana xamir bilan ishlashga qaytamiz. Oshib chiqqan xamirni ikkiga bo‘lib olamiz va zuvala qilamiz.
Endi bitta zuvalani olib 40 sm atrofida doira qilib qo‘l yoki juva yordamida yoyamiz. Xamirning ustiga 1.5 osh qoshiq yog‘ surkaymiz.
Endi jizza va piyozli aralashmaning teng yarmini yoyilgan xamirga solamiz, lekin xamirning tepa tomonidan 5-6 sm atrofida joy qoldiramiz (rasmga qarang).
Shunday qilinsa nonning chetidan piyoz chiqib qolmaydi. Xamirni pastki tomonidan rulet qilib o‘rab olamiz.
Keyin bu ruletni yonboshchasiga ham o‘raymiz.
O‘ralgan xamirning ustini o‘ rab bir chetga olib qo‘yamiz va xamirning ikkinchi qismini ham xuddi shunday qilib tayyorlab olib, jizzali aralashmaning ikkinchi qismini ishlatamiz.
Bu orada birinchi tayyorlab qo‘ygan xamirimiz ham tinib qoladi. Endi uni olib 30 smli doira shaklida non yasaymiz. Non qo‘l bilan yasaladi. Uning ustini chekich bilan teshiklar qilib chiqamiz (chekich yo‘q bo‘lsa o‘rniga vilka ishlatish mumkin).
Endi ustiga qatiq surkaymiz va xohishga qarab sedana yoki kunjut urug‘idan sepamiz.
Nonni listga qo‘yib yana 10 minut tindiramiz va 200°C da qizib turgan duxovkada 20 minut pishirib olamiz.
Non pishib chiqqach ustiga ozgina sariyog‘ surkaymiz va issiqligida dasturxonga tortamiz.
Bu non birinchi taom uchun juda mos tushadi.
Jizzani ortiqcha qizartirib yubormang, bo‘lmasa jizza taxir bo‘lib qoladi.
Nonning ortib qolganini xolodilnikda 24 soatgacha saqlash mumkin, uning ichida piyoz borligi uchun uzoq saqlab bo‘lmaydi.
Blogda yana boshqa yog‘li nonlarning retseptini ham topasiz. Masalan, afg‘oncha go‘shtli non yoki qiymali naan.
Veb sahifa: www.juvajon.com
Medovik tortining retseptlari juda ko‘p. Hammasi o‘ziga yarasha mazali va… Qolganini o'qish
Qizil barxat torti AQSHning Mariland shtatida XX asrning boshlarida paydo… Qolganini o'qish
Bolonya spagettisi Italiyaning shimolida joylashgan Bolonya shahrida birinchi marta tayyorlangan… Qolganini o'qish
Afg‘oncha napoleon torti O‘zbekistonda keng tarqalgan tortlardan biri. Uning mazasi… Qolganini o'qish
Frittata juda mazali, hamda oqsil va vitaminlarga boy. Nonushta yoki… Qolganini o'qish
Oshqovoqli karri yana bir ajoyib hind taomidir. Bu sog‘lom va… Qolganini o'qish