Qora-qum pechenyesini bolaligimda o‘rganganman, kimki yesa doim yoqtiradi va retseptini so‘raydi. Bugun shuni sizlar bilan ham ulashgim keldi.
Kerakli mahsulotlar (32×26 smlik):
- 220 gr atrofida margarin yoki sariyog‘
- 350gr un
- 250gr shakar
- 3 dona tuxum
- 3-4 osh qoshiq smetana yoki qaymoq
- 250 gr atrofida yong‘oq
- 100 gr shakar kukuni
- 1 osh qoshiq shakar kukuni
- 4 osh qoshiq kakao
- 1 osh qoshiq makkajo‘xori kraxmali, yo‘q bo‘lsa un
- 1 osh qoshiq sariyog‘ (сливочное масло)
Xamir tayyorlash jarayoni
Avvalo xamirni qilib olamiz. Buning uchun bitta idishda 350 gr un va 100 gr shakarni aralashtiramiz. Endi 220gr margarinni qo‘shib, uqalab olamiz.
Alohida idishda 3 dona tuxum sarig‘i va 3-4 qoshiq smetanani yoki qaymoqni aralashtirib, uni unli aralashmaga solib xamir qoramiz.
Endi xamirning 1/5ni bo‘lib olib unga 2 osh qoshiq kakao qo‘shib, shokoladli xamir tayyorlaymiz.
Ikkala xamirni alohida o‘rab, oq xamirni xolodilnikka, shokoladli xamirni muzlatgichga 1 soatga solib qo‘yamiz.
Shokoladli sous tayyorlash
Xamir tinguncha shokoladli sous tayyorlab olamiz. 3 osh qoshiq kakao, 3 osh qoshiq shakar va 1 osh qoshiq makkajo‘xori kraxmalini qozonchada aralashtiramiz.
Bu aralashmani ustiga 200ml sovuq sutni oz-ozdan qo‘shib bir xil massa bo‘lguncha aralashtiramiz. Endi olovni yoqib, tinmay aralashtirib sousni tayyorlaymiz. Sous qo‘yilgach, olovni o‘chirib, 1 osh qoshiq sariyog‘ (сливочное масло) qo‘shamiz. Endi sousni bir chetga sovitish uchun surib qo‘yamiz.
Qora-qum uchun xamirni pishirish
Keyin oq xamirni xolodilnikdan olib 32x26sm atrofida to‘rtburchak qilib yoyib olamiz (chetlari biroz balandroq bo‘lsin) va uni listga joylab, xamirning ustini vilka bilan teshib chiqamiz. Bu xamirni 180C°da qizib turgan duxovkada 20 minut atrofida pishirib olamiz.
Qora-qum uchun beze tayyorlash
Xamir pishgunicha beze tayyorlab turamiz. Buning uchun 3 dona tuxumning oqini mikser yordamida oppoq bo‘lguncha ko‘pirtiramiz. Ko‘pirtirilgan tuxum shakar solishga tayyor bo‘lganini, idishni to‘ntarib tekshirsa bo‘ladi (rasmga qarang).
Endi 100 gr shakarni oz-ozdan solib tuxumni ko‘pirtirishda davom etamiz. Shakarning hammasini qo‘shib bo‘lganimizdan so‘ng, mikserni o‘chirib tuxumning ustiga 100gr shakar kukunidan qo‘shib qoshiq bilan sekin-asta bir yo‘nalish bo‘yicha aylantiramiz.
Qora qum shirinligini tayyorlash jarayoni
Endi qizarib pishgan va sal sovigan xamirning ustiga shokoladli sousni quyamiz, chetlaridan biroz joy qoldiring, chunki bu sous pishayotganda eriydi.
Uning ustiga maydalangan yong‘oqni sepamiz.
Keyin bezeni bir tekisda qilib solib chiqamiz va ustini tekkizlaymiz.
Eng oxirida muzlatgichda turgan xamirni olib, uni qirg‘ich bilan bezening ustiga qirib chiqamiz.
Endi buni 100C°da qizib turgan duxovkada 1.5 soat pishiramiz va vaqt o‘tgach olovni o‘chirib, qora-qumni duxovkani ichida sovitib olamiz
Sovigach xohlagan shaklda kesib olamiz va choy yoki kofe bilan dasturxonga tortamiz. Men romb shaklida kesdim.
E’tibor qiling:
Qora-qum xamirini bir kun oldin qilib qo‘ysa ham bo‘ladi.
Beze yaxshi qurib pishishi uchun, uni past olovda uzoq vaqt pishirish kerak, shunda sovigach o‘tirib qolmaydi.
Shokoladli sous tagiga olishi mumkin, shunga e’tibor bering.
Yoqimli ishtaha!!!
Blogdagi boshqa dessertlarni shu yerda topasiz. Masalan, keyingi safar Kapkeyk tayyorlab ko’ring.
Veb sahifa: www.juvajon.com