You are currently viewing Shokoladli Brauni (Chocolate Brownie)

Shokoladli Brauni (Chocolate Brownie)

Shokoladli Brauni birinchi marta 19 asrning oxirida AQShda yaratilgan. 20 asrga kelib Kanada va AQSh bo‘ylab keng tarqalgan. Braunilar issiq holda ham, sovuq holda ham juda yoqimli bo‘ladi. Issiqligida odatda muz-qaymoq yoki ko‘pirtirilgan qaymoq bilan yeyiladi. Shokoladli Brauni g’arb mamlakatlarida eng keng tarqalgan shirinliklardan biri. Uni tayyorlash oson bo‘lib, doim yaxshi natija beradi.

Kerakli mahsulotlar (33×23 smlik):

  • 185 gr sariyog‘ yoki margarin
  • 185 gr sutli yoki achchiq shokolad
  • 3-4 dona tuxum (hajmida qarab)
  • 250 gr shakar
  • 85 gr un
  • 40 gr kakao kukuni
  • 50 gr mayda shokoladlar (xohishga qarab)
  • 50-80 gr yong‘oq (xohishga qarab, men tavsiya qilaman)
  • 2 osh qoshiq kofe damlamasi (ya’ni yarim choy kofe kukunining 2 osh qoshiq suv bilan aralashmasi)
  • Ozgina tuz

Birinchi bo‘lib maydalangan shokolad va sariyog‘ni birgalikda eritib oling. Bu jarayonni bug‘da yoki mikroto‘lqinli pechda qilsa bo‘ladi. Endi aralashmani biroz soviting.

Shokoladli Brauni masalliqlari

Tuxumlarni shakar bilan birga mikser yoki qo‘l venchik bilan ko‘pirtirib oling. Bu ko‘pirma shakar ko‘p bo‘lganligi uchun qo‘yiq bo‘ladi.

Bu ko‘pirmaga shokoladli eritmani va kofe damlasamini qo‘shing.

Shokoladli Brauni xamiri

Bularning ustiga un, kakao va tuzni elakdan o‘tkazib qoshiq bilan aralashtiring.

Xamirga mayda shokolad va yong‘oqni soling. Men oq shokoladdan foydalandim.

Endi xamirni fergament qog‘oz solingan 33 smli qolipga quying. So’ng 175°Cda qizib turgan duxovkada 25 minut pishiring.

Shokoladli Brauni qolipda

Doimgidek pishib chiqqanligini gugurt cho‘pi bilan tekshiring. Braunining ustida ozgina darz bo‘lishi kerak.

Braunilarni biroz sovitib qolipdan chiqaring.

Shokoladli Brauni tayyor

Men bir qismini iliqligida kesib oldim. Dasturxonga muz-qaymoq bilan tortdim.

Ikkinchi qismini esa to‘la sovitib keyin kesdim va kofe bilan dasturxonga tortdim.

Shokoladli Brauni ichiga e'tibor qiling

E’tibor qiling:

Shokolad va sariyog‘ni mikroto‘lqinli pechda eritsangiz, oldin ozgina vaqtga qo‘ying. Keyin bir aralashtirib, yana eritishda davom eting. Bo‘lmasa sariyog‘ pechkaning ichiga sochilib ketishi mumkin.

Kakaoni albatta elakdan o‘tkazing, bo‘lmasa qumoqchalar bo‘lib qolishi mumkin.

Braunilar odatda kichikroq qilib kesiladi. Men shu miqdorni 16 ta kvadrat yoki 32 ta uchburchak qilib kesaman.

Fergament qog‘oz solinsa, braunini qolipdan chiqarish oson bo‘ladi.

Sizda kichkina qolip bo‘lsa unda ozroq miqdor qiling yoki ikkiga bo‘lib pishiring. Braunilar baland bo‘lmasligi kerak, bo‘lmasa keksga o‘xshab qoladi.

Kofe shokoladning ta’mini kuchaytiradi.

Braunilarga yana yong‘oqning boshqa turlari va mayda pechenyelar qo‘shsa bo‘ladi, masalan Oreo.

Braunilar salqin joyda yoki xolodilnikda yaxshi saqlanadi. Albatta usti o‘ralgan holatda.

Shokoladli Brauni muzqaymoq bilan

Yoqimli ishtaha!!!

Shu kabi boshqa pishiriqlar retseptlarini mana bu yerda topasiz. Masalan, Britaniya qirolichasining eng yaxshi ko’rgan pryannigi Scone tayyorlab ko’ring.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com