You are currently viewing Karniyarik – Turkcha baqlajonli taom

Karniyarik – Turkcha baqlajonli taom

Karniyarik turk oshxonasiga qarashli baqlajonli taomlar vakilidir. Baqlajonli taom retseptlari baqlajon faslida juda kerak. Ko‘pchilikka manzur keladigan taom.

Kerakli mahsulotlar (4 portsiya uchun):

  • 4 dona baqlajon
  • 500 gr qo‘y yoki mol go‘shtining qiymasi (men mol go‘shtidan ishlatdim)
  • 1-2 dona piyoz (hajmiga qarab)
  • 2 dona pomidor
  • 1 dona bulg‘or qalampiri
  • 3 dona chesnok tishi
  • 1 osh qoshiq tomat + 1 osh qoshiq sous uchun
  • Yarim bosh petrushka
  • 20-30 ml o‘simlik yog‘i
  • Tuz va murch

Avval baqlajonlarning barglarini olib tashlaymiz, lekin cho‘pini qoldiramiz (rasmda ko‘rsatilgan). Yana baqlajonlarning 4 ta joyidan uzunasiga po‘chog‘ini archamiz.

baqlajonli taom uchun

Endi vertikal o‘rtasidan oxiriga yetkizmasdan kesib olamiz va baqlajonlarni yarim soat tuzli suvga ivitib qo‘yamiz.

Karniyarikni pishirish

Keyin baqlajonlarni yaxshilab quritib, qizigan yog‘da qo‘g‘irib olamiz. Bu jarayonda baqlajonlarning har tomoni qizaradi va biroz yumshaydi. Baqlajon katta bo‘lsa u yumshashi uchun biroz tovaning qopqog‘ini yopib qo‘g‘iring.

baqlajonli taom uchun baqlajon qo'g'irish

Endi ularni tovadan oling va chetga qo‘yib turing. Baqlajonlarni qog‘oz sochiqqa qo‘yilsa ortiqcha yog‘ini tortib oladi.

O‘sha tovaning o‘ziga qirg‘ichdan o‘tkazilgan piyozni soling. Men qo‘shimcha yog‘ quymayman, chunki go‘shtining yog‘i chiqadi. Siz xohlasangiz ozgina zaytun yog‘idan quying.

Piyoz biroz tilla rang bo‘lgach tovaga go‘shtini soling va qo‘g‘iring.

baqlajonli taom uchun qiyma

Keyin mayda to‘rg‘algan pomidor, chesnok, bulg‘or qalampiri, tomat, tuz va murch soling. Hammasini yana 6-8 minut qo‘g‘iring va olovni o‘chiring.

Mayda to’rg’algan petrushkani qo’shing.

Endi baqlajonlarni pishiriladigan idishga soling va kesilgan joyini qoshiq yoki pichoq bilan kengaytiring. Ehtiyot bo‘ling, tubi yopiq qolsin. Agar baqlajoning urug‘i ko‘p bo‘lsa qoshiq bilan olib tashlang. Urg‘ochi baqlajoning urug‘i ko‘p bo‘ladi. Men ishlatgan baqlajonlarning urug‘i oz edi.

Keyin qiyma bilan baqlajonlarning ichini to‘ldiring. Men katta baqlajon ishlatdim va men tayyorlagan qiyma 4 dona baqlajonga yetdi.

baqlajonli taom Karniyariq tayyor

Endi baqlajonlarning ustiga kesilgan bulg‘or qalampiri va pomidor tering.

1 osh qoshiq tomatni 200-250 ml qaynagan suvga aralashtirib baqlajonlar solingan idishga quying. Endi baqlajonlarni 185-190C°da qizib turgan duxovkada 35 minut davomida pishiring.

Karniyarik pishgach uni issiqligida dasturxonga torting. Odatda bu ovqat guruch bilan birga tanovul qilinadi. Bizning blogda har xil usulda pishirilgan guruchlarni topishingiz mumkin.

baqlajonli taom tayyor

E’tibor qiling:

Baqlajonli taom tayyorlayotganda baqlajonlarning urug‘i olib tashlansa taxir ta’mi yo‘qoladi.

Baqlajon kichikroq bo‘lsa, shu miqdordagi qiyma 5-6 taga yetadi.

Yoqimli ishtaha!!!

Boshqa baglajonli taomlar retseptlari bilan ham tanishing: baqlajonli kabob hamda koreyscha baqlajonli salat. Shoshib turganda bir zumda tayyor bo’ladigan yana bir baqlajonli salat usuli ham bor.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com