You are currently viewing Ispancha tortilla

Ispancha tortilla

Ispancha tortilla taomining yana bir nomi ispancha omletdir. U ispan oshxonasining imzo taomlaridan biridir. Uni issiq yoki sovuq holada ham iste’mol qilish mumkin. Piknik yoki ishga olib ketish uchun ham to‘g‘ri keladi.

Ispancha tortilla uchun kerakli mahsulotlar (4-5 portsiya uchun):

  • 500-600 gr kartoshka
  • 1 dona piyoz
  • 1 dona bulg‘or qalampiri
  • 6 dona tuxum
  • Yarim bog‘ petrushka
  • 50-60 ml o‘simlik yog‘i (masalan zaytun)
  • Tuz va murch

Tovaga yog‘ning 50 mlini quying va mayda to‘rg‘algan piyozni solib biroz qo‘g‘iring.

Piyoz biroz qizargach, uning ustiga mayda to‘rg‘algan bulg‘or qalampirini soling.

Endi parraklangan kartoshkani solib uni ham kartoshka yumshagunicha qo‘g‘iring. Kerak bo‘lsa tovaning qopqog‘ini yoping. Ta’bga qarab tuz va murch seping. Olovdan oling.

Endi alohida idishda tuxumlarni tuz va murch bilan aralashtirib oling.

Tuxumli aralashma bor idishga pishgan kartoshkali aralashmani soling. Ustiga to’rg’algan petrushkani soling.

Endi toza tovaga yog‘ning qolgan qismini quying va uning ustiga kartoshka va tuxumli aralashmani bir tekis qilib quying. Ispancha tortillani oldin 2 minut balandroq olovda, keyin 3-4 minut atrofida pastroq olovda bir tomonini pishiring.

Ispancha tortilla masalliqlari solingani

Endi tortillaning usti qatigach tovaning ustiga katta tarelka yoping va tovani ehtiyotkorlik bilan ontaring.

Keyin tovani yana olovga quyib tortillaning qizarmagan tomonini pastga qilib tovaga qayta soling. U tomonini ham 2 minut baland olovda, 3-4 minut pastroq olovda pishiring.

Ispancha tortilla pishirilgani

Tortilla tayyor. Endi uni issiq yoki sovuq holatda salat bilan dasturxonga torting.

Ispancha tortilla sabzavotlar bilan

E’tibor qiling:

Tovaning ustiga yopiladigan tarelka albatta tovadan katta bo‘lishi shart. Bo‘lmasa tuxumning hali pishmagan qismi tashqariga oqib ketadi. Yana ovqatdan chiqqan yog‘ qo‘lni kuydirishi mumkin.

Tortillani tovadan chiqarishning eng oson yo‘li tovaning ustiga tarelka yopib o‘ntarishdir.

Bu taomni ozgina yog‘ bilan tayyorlamoqchi bo‘lsangiz, unda kartoshkani bug‘da pishirib oling.

Ispancha tortilla ichki qismi

Yoqimli ishtaha!!!

Boshqa nonushta retseptlarini ham ko’ring. Masalan, Qobiqsiz kish ham Ispancha tortillaga o’xshash yana bir taom.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com