You are currently viewing Tovuq naggetlari (chicken nuggets)

Tovuq naggetlari (chicken nuggets)

Bugun hammaga, ayniqsa bolalarga juda yoqadigan tovuq naggetlari retsepti bilaman bo‘lishaman. Bilasizmi u birinchi marta 1950 yilda AQShda yaratilgan. U tez orada ‘fast-food’ ovqati bo‘lib ketgan. Uy sharoitida tayyorlangan naggetlar ancha mazali, hamda zararli moddalardan holi bo‘ladi. Juda oson retsept.

Tovuq naggetlari uchun kerakli mahsulotlar (1 kg naggetlar uchun):

  • 1 kg tovuq go‘shtining ko‘krak qismi
  • 3 dona tuxum
  • 100 gr un
  • 100 gr non tolqoni
  • Tuz va murch
  • 200-250 ml o‘simlik yog‘i (qo‘g‘irish uchun)

Avval go‘shtni 3×3 sm atrofida bo‘lib oling.

Tovuq naggetlari uchun tovuq ko'kragi

Endi uchta alohida idishga un, tuxum va tolqonni soling va har biriga ta’bga qarab tuz va murch aralashtiring.

Endi tovuq kesimlarini oldin un, keyin tuxum va oxirida tolqonga bulab oling va bitta idishga terib turing. Bu jarayonni bolalar bilan birgalikda ham qilish mumkin.

Tovuq naggetlari pishirishga tayyor

Endi yog‘ni tovaga quying va u qizigach ustiga naggetlardan soling. Birdaniga ko‘p solib yubormang.

Naggetlarning bir tomonini 2-3 minut o‘rta olovda pishiring, ikkala tomoniga 4-6 minut ketadi.

Pishgan naggetlarni qog‘oz salfetka solingan tarelkaga terib oling, ortiqcha yog‘ini tortib oladi.

Tovuq naggetlari pishgan holda

Naggetlarning hammasini shunday qilib pishirib oling.

Endi ularni issiqligida kartoshka fri bilan dasturxonga torting. Xohishga qarab naggetlardan ‘wrap’ qilish ham mumkin. Ya’ni yupqa nonning ichiga salat va sous bilan o‘rash, asosiy rasmdagidek.

E’tibor qiling:

Naggetlarni uzoq pishirib yubormang, bo‘lmasa ular quruq bo‘lib qoladi.

Men tolqonga bulanganidan so‘ng naggetlarning bir qismini muzlatib qo‘ydim. Ikkinchi qismini esa pishirdim. Muzlatilgan naggetlar shoshilganda qo‘l keladi, chunki ularni muzlatilgan holida pishirish mumkin.

Tolqon duxovkada quritilgan nondan qilinsa u shirinroq bo‘ladi.

Naggetlarni 220°Cda qizib turgan duxovkada 15 minut davomida ham pishirish mumkin.

Yoqimli ishtaha!!!

Tovuqni butunligicha duxovkada pishirish retseptini ham albatta ko’ring.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com