You are currently viewing Qrim paxlavasi – bolalikdan ajoyib retsept

Qrim paxlavasi – bolalikdan ajoyib retsept

Paxlavaning bu turi Qrim paxlavasi nomi bilan tanilgan. U menga o‘zbek to‘y marosimlarini eslatadi. Afsuski hozirda mazali Qrim paxlavasini bozordan topish amri mahol. Shuning uchun men uni uyda tayyorlashni tavsiya etaman. Uyda tayyorlangan paxlava juda mazali bo‘ladi. Doim yaxshi natija beradigan retsept. Men ham yaqinda oilam va hamkasblarim uchun Qrim paxlavasi tayyorlab berdim. Hammaga birdek manzur bo‘ldi.

Kerakli mahsulotlar (30tacha paxlava uchun):

Xamiri uchun:

  • 550 gr un
  • 200 ml sut
  • Yarim choy qoshiq razrixlitel yoki choy sodasi (uksus bilan eritilgan)
  • 70 gr margarin yoki sariyog‘
  • Ozgina tuz

Sirop uchun:

  • 400 gr shakar
  • 200 ml suv
  • 4 osh qoshiq asal
  • Ozgina limon sharbati yoki kislotasi

Qo‘girish uchun:

  • 700-1000 ml yog‘

Paxlava xamirini tayyorlash

Idishda sut, eritilgan sariyog‘, tuz va choy sodasini aralashtirib oling.

Qrim paxlavasi uchun xamir tayyorlash

Endi ustiga elangan unni soling va xamir qoring. Xamirga 7-8 minut ishlov bering.

Qrim paxlavasi uchun xamir tayyorlash

Keyin uni zuvalalarga bo‘ling. Men 4 ga bo‘ldim. Ularni o‘rab 20-25 minut tindiring.

Qrim paxlavasi uchun xamir tayyorlash

Vaqt o‘tgach, bitta zuvalani olib yupqa doira shaklida yoyib oling. Xamirning ortidan stol ko‘rinadigan yupqalikdan. Bu yoyilgan xamirni dasturxonga yoyib turing, qayzishi uchun. Ungacha keyingi xamirni yoyib oling va uni ham qayziting.

Yoyilgan xamir

Odatda men to‘rtala zuvalani ham yoyib olaman. Hamma yoyilgan xamirning ikkala tomonini ham qayzitish kerak. Buning uchun paxlava xamirini o‘qlovga o‘rab, ontarib olish kerak. Bu jarayon xuddi chak-chakning xamirini qayzitishga o‘xshaydi.

Endi birinchi yoyilgan xamirni oling. Uni 3-4sm kenglikda rulet qilib o‘rang. O‘rash doiraning yarmiga kelganda, xamirning chetlariga biroz suv tekkizing. Keyin xamirni yana o‘rashda davom eting.

Qrim paxlavasiga shakl berish.
Qrim paxlavasiga shakl berish.

O‘ralgan ruletni 2 sm qalinlikda diagonal yo‘nalishda kesib chiqing. Kesma o‘tkir burchak ostida bo‘lishi kerak.

Xamir kesish

Kesilgan paxlavani qo‘l bilan biroz to‘g‘irlab, stolga terib oling.

Paxlava

Xamirning qolgan qismini ham shunday tayyorlab oling.

Ikkinchi tugish usuli uchun quyidagi rasmlarga qarang.

Paxlava

Paxlavani qo‘g‘irish

Yogni qozonchaga quying va qizdiring. Endi qizigan yog‘ning ustiga 2-3 dona paxlava soling. Ikkala tomoni tilla rang bo‘lgunicha qo‘g‘iring. Vaqti-vaqti bilan ontarib turing.

Pishgan paxlavani qog‘oz salfetkaga qo‘ying (ortiqcha yog‘i tortiladi). Hamma paxlavani shu usul bilan pishirib oling. Agar qozonchada yog‘ ozayib ketsa, yana to‘ldiring.

Paxlava uchun sirop tayyorlash

Qozonchada suv va shakarni aralashtiring. Aralashmani o‘rtacha olovda 10 minut atrofida qaynating. Suvning ustida katta-katta shakarli pufaklar paydo bo‘la boshlaydi. Endi asalni qo‘shing va yana 7-8 minut qaynating. Sirop tayyor.

Sovigan paxlavalarni issiq siropga botirib oling. Xohishga qarab ustiga kunjut urug‘i seping. Yana maydalangan yong‘oq yoki pista ham sepish mumkin.

Qrim paxlavasi

Paxlava tayyor. Uni choy bilan dasturxonga torting.

Qrim paxlavasi

E’tibor qiling:

Xamir yaxshi tindirilsa uni yoyish oson bo‘ladi.

Yoyilgan xamirni qayzitish muhim. Bo‘lmasa u o‘ralganda yopishib qolishi mumkin.

Sirop soviganda quyuqlashadi. Uni yana olovga qo‘yilsa, u yana suyuqlashadi.

Qrim paxlavasi

Yoqimli ishtaha!!!

Blogda boshqa siropli dessertlarning retseptini ham topasiz. Masalan, kokosli keks yoki basbusa.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com