Zanjabilli pechenyelar Angliyada 17chi asrdan avvalroq qilinishni boshlagan. Bu pechenyelarning mazasi antiqa bo‘ladi, chunki ularda zanjabilning achchiq ta’mi va shakarning shirin ta’mi aralashmasi juda yaxshi kombinatsiya beradi. Bolalar bilan tayyorlash uchun juda yaxshi retsept.
Kerakli mahsulotlar (20 dona pechenye uchun):
- 100 gr sariyog‘ yoki margarin
- 75 gr jigarrang shakar
- 1.5 osh qoshiq zanjabil qurug‘i
- Yarim choy qoshiq qalampir munchoq maydasi
- 100 gr ‘golden syrup’ yoki asal
- 1 choy qoshiq choy sodasi
- 1 dona tuxum
- Ozgina tuz
- 260 gr atrofida un
Bezak uchun (xohishga qarab)
- 1 dona tuxum oqi
- 6 osh qoshiq shakar kukuni
Zanjabilli pechenyelar xamir qorish
Qozonchaga margarin, ‘golden syrup’ va shakarni solib past olovda eritib oling.
Boshqa idishda un, choy sodasi va tuzni aralashtirib oling.
Endi sal sovigan margarinli ertimani va tuxumni unli aralashmaga qo‘shing va xamir qoring.
Xamir avvaliga suyuq bo‘lib turadi, keyin aralashtirishda davom etilsa, quyuqlashadi (xuddi medovik tortining xamiriga o‘xshab).
Xamirni ikkiga bo‘lib, o‘rab, xolodilnikka 1 soatga solib qo‘ying.
Zanjabilli pechenyelar pishirish
Vaqt o‘tgach xolodilnikdagi xamirni yupqa qilib yoying va xohlagan shakl chiqarib oling.
Chetlaridan chiqqan xamirni yana zuvala qilib yoying va shakl chiqaring. Bu xamirni fergament qog‘ozi ustida yoyish osonroq bo‘ladi.
Ularni ham 190°Cda qizib turgan duxovkada 8-10 minut davomida pishirib oling.
Keyin pechenyelarni to‘la soviting va dasturxonga choy bilan torting.
Xohishga qarab zanjabilli pechenyelarning ustini bezash mumkin. Buning uchun bitta tuxum oqini ko‘pirtiring (men quritilgan tuxum oqidan foydalandim) va keyin uning ustiga 5-6 osh qoshiq shakar kukunini qo‘shing va yana biroz ko‘pirtirib oling.
Tayyor glazurni konditer qopchasiga solib pechenyelarni bezatib oling. Agar bezakning chekkasi tekis bo‘lishini xohlasangiz, unda avval glazur bilan chetlariga chizib oling. Keyin o‘rtasiga chiqarib gugurt cho‘pi bilan tekislab oling.
Yana glazurni o‘tmas pichoq bilan ham surkash mumkin. Xohishga qarab glazur qotimay turib mayda qandolat bezaklari sepish mumkin.
Keyin bezatilgan pechenyelarni yuzaga terib glazurini qotirib oling va dasturxonga torting.
E’tibor qiling:
Zanjabilli pechenyelar usti zich yopiq idishda 1-2 haftagacha yaxshi saqlanadi.
Pishmagan tuxumning oqi ishlatilganligi uchun yangi tuxumdan foydalanish kerak.
Xamirga un ko‘p qo‘shmang, bo‘lmasa pechenyelar qattiq bo‘lib qoladi.
Zanjabilli pechenyelar bezaksiz ham juda mazali bo‘ladi. Odatda men bolalar bilan birga tayyorlasam bezataman. Boshqa paytda esa bezatmayman.
Yoqimli ishtaha!!!
Blogda yana boshqa mazali pechenyelarning retseptini ham topasiz. Masalan, shokoladli pechenye yoki biskotti.
Veb sahifa: www.juvajon.com