You are currently viewing Pakora yoki Bhaji – Hindcha taom

Pakora yoki Bhaji – Hindcha taom

Pakora vegetarian hindcha taomdir. Uni Hindistonda kafe, restoran va ko‘cha do‘konlaridan topish mumkin. Hozirda pakorani g‘arbda hindcha restoranlarda tayyorlanadi. Mazali va kamchiqim retsept.

Kerakli mahsulotlar (14-15 ta pakora uchun):

  • 3-4 dona piyoz (hajmiga qarab)
  • 1 dona kartoshka
  • 200 gr un (men no‘xat uni va bug‘doy unini aralashtirdim)
  • Yarim choy qoshiq choy sodasi
  • 10 gr yangi zanjabil yoki yarim choy qoshiq qurig‘i
  • Bitta yashil qalampir (xohishga qarab)
  • 150 ml suv
  • Ziravorlar: zira, kashnich, kukurma, achchiq qalampir maydasi, tuz va murch
  • 400-500 ml o‘simlik yog‘i

Pakora tayyorlash

Archilgan piyoz va kartoshkani mayda qilib to‘rg‘ab olamiz. Qalampirni ham mayda to‘rg‘amiz.

to'rg'algan sabzavotlar

Idishda un, zanjabil, choy sodasi va hamma ziravorlarni aralashtiramiz.

pakora uchun ziravorlar

Endi ularning ustiga suvni quyib, aralashtiramiz. Aralashma smetananing quyuqligida bo‘lishi kerak.

pakora uchun aralashma

Endi piyoz, qalampir va kartoshkani aralashmaga qo‘shamiz. Hammasini qo‘l bilan aralashtiramiz.

pakora tayyorlash

Pakora pishirish

Qozonchaga yog‘ni quyib, qizitib olamiz. Endi qizigan yog‘ning ustiga pakorani 1 osh qoshiqdan solamiz.

Ikki tomoni o‘rtacha olovda qizartirib olamiz. Bunga odatda 4 minut ketadi. Bu orada piyoz va kartoshka pishib chiqadi.

pakora qo'g'irish

Pishgan pakorani qog‘oz salfetkaga qo‘yamiz. Pakoraning hammasini shu usul bilan pishirib olamiz.

pakora

Pishgan pakoralarni qatiqli chutney bilan dasturxonga tortamiz.

Qatiqli chutneyni tayyorlash

Qatiq, yalpiz, limonning sharbati, tuz va murchni aralashtiring.

E’tibor qiling:

Pakorani boshqa sabzavotlardan ham tayyorlash mumkin. Masalan, baqlajon, qo‘ziqorin, gulkaram.

Odatda, pakora achchiqroq bo‘ladi. Men achchiq qilmayman. Ta’bga qarab achchiq qilish mumkin.

pakora

Yoqimli ishtaha!!!

Blogda yana boshqa hindcha taomlarning retseptlarini topasiz. Masalan, samosa yoki karri.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com