You are currently viewing Pretzel – nemischa yumshoq pretzel

Pretzel – nemischa yumshoq pretzel

Pretzelning vatani Germaniya. U juda qadimdan tayyorlanib kelgan. Pretzel XVIII asrlarda Germaniyalik emigrantlar bilan birga AQSHga borgan. Hozirda pretzelni dunyoning juda ko‘p joyida topish mumkin. Pretzel tayyorlash qiyin emas. Quyidagi retsept bo‘yicha tayyorlangan pretzel doim mazali va chiroyli bo‘lib chiqadi.

Kerakli mahsulotlar (8 dona pretzel uchun):

Xamiri uchun:

  • 500 gr un
  • 300 ml suv
  • 7 gr xamirturush (droja)
  • 1 choy qoshiq tuz
  • 25 gr jiggarrang shakar (yo‘q bo‘lsa asal yoki oq shakar)
  • 50 gr sariyog‘ yoki margarin (eritilgan)
  • 1 dona tuxum sarig‘i
  • Ozgina sut (1 osh qoshiq)

Pretzel qaynatish uchun:

  • 3 osh qoshiq ichimlik sodasi
  • 1 litr suv

Pretzelning ustiga sepish uchun:

  • 2 osh qoshiq sariyog‘
  • 2 osh qoshiq oq shakar
  • 1 osh qoshiq dolchin maydasi
  • Ozgina dengiz tuzi (yo‘q bo‘lsa oddiy tuz)

Pretzel uchun xamir qorish

Buning uchun elangan unning ustiga shakar, tuz va xamirturushni soling. Xamirturush va tuz bir-biridan uzoqroqqa solinsin. Hammasini aralashtirib oling. Alohida idishda eritilgan margarin va iliq suvni aralashtirib oling.

Pretzel uchun xamir qorish

Endi suyuq mahsulotlarni unli aralashmaga quyib, xamir qoring. Pretzel uchun xamir yumshoq lekin qo‘lga yopishmaydigan bo‘ladi. Xamirga 10 minut davomida ishlov bering.

Pretzel uchun xamir qorish

Keyin uni yog‘langan idishga solib, ustini o‘rang. Xamirni 1 soat davomida oshiring.

Oshib chiqqan xamirni mushtlab havosini chiqarib yuboring. Keyin uni teng 8ga bo‘ling. Xamirlarni dumaloqlab oling.

Pretzel uchun xamir qorish

Pretzel tugish

Endi bitta zuvalani olib, 40 sm uzunlikda, arqon shaklida cho‘zib oling.

Cho‘zilgan xamirni U shakliga qo‘ying.

Pretzel tugish

Keyin ikkala uchini ikki marta bir-biridan o‘tkazing.

Pretzel tugish

Endi xamirning uchlarini, uning o‘rtasiga olib keling. Barmoq bilan biroz bosing.

Tugilgan pretzelni qog‘oz solingan listga qo‘ying. Zuvalaning hammasini shu usulda tugib oling.

Pretzel tugish

Endi pretzellarning ustini o‘rab, 20 minut tindiring. Bu orada pretzel yana biroz ko‘tariladi. Lekin uzoq oshirmang, chunki bu non emas.

Pretzel qaynatish

1 litr suvni idishda qaynatib oling. Keyin uning ustiga ichimlik sodasini qo‘shing. Endi olovni paslating. Yengil qaynayotgan suvga bitta pretzel soling va 20 sekund qaynating. Keyin uni ontarib, ikkinchi tomonini ham 20 sekund qaynating. Endi uni suvdan chiqarib qayta listga qo‘ying.

pretzel qaynatish

Pretzellarning hammasini shu usulda qaynatib oling.

Endi ularning ustiga tuxum sarig‘i va sutli aralashmani surkang. Men pretzellarning 4 donasiga dengiz tuzidan sepdim. 4 donasiga esa sepmadim. Chunki 4 donasini shirin pretzel qildim.

Pretzelni 20 minut davomida 180°C-200°C qizib turgan duxovkada pishiring. Men ventilyatori bor duxovkadan foydalandim, shuning uchun 180°Cda 20 minut pishirdim.

Pretzel

Pishib chiqqan pretzellarning 4 donasi ustiga, tuz sepilmaganlari, eritilgan sariyoqqa botirib oling. Keyin ularning ustiga shakar va dolchinli aralashmani seping.

shakarli pretzel

Hamma pretzellar tayyor, ularni iliqligida dasturxonga torting. Pretzelni shunday o‘zini yoki sendivich shaklida yeyish mumkin. Men ham tuzli pretzelga ispancha usulda tayyorlangan halol salyami va pishloq qo‘shib sendvich tayyorladim. Juda mazali chiqdi.

pretzel sendvich

E’tibor qiling:

Pretzelni suvda uzoq qaynatmang. Bo‘lmasa xamir uzoq chaynaladigan bo‘lib qoladi.

Pretzelning ustiga tuzdan tashqari yana qattiq pishloqlar masalan, parmazan pishlog‘i yoki yong‘oq maydasi sepish mumkin.

Pretzel ichimlik sodasida qaynatilganligi uchun uning rangi juda chiroyli chiqadi.

pretzel

Yoqimli ishtaha!!!

Blogda bagel va boshqa mazali nonlarning ham retseptini topasiz.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com