You are currently viewing Yopishqoq non, yoki ‘Monkey bread’

Yopishqoq non, yoki ‘Monkey bread’

Yopishqoq non bulochkaning yana bir mazali turi bo‘lib, u tipik Amerika taomi hisoblanadi. Hozirda AQSH bilan bog‘lanishiga qaramay, aslida yopishqoq nonning vatani Yevropadir. Bu nonning bir nechta nomi bor, jumladan yopishoqoq non, ‘Monkey bread’ (maymun non, qo‘lda qismlarga bo‘linganligi uchun), Bolgariya kofe torti va hokazo. Yopishqoq non juda mazali bo‘lib, u bayramona nonushtaga juda mos tushadi.

Kerakli mahsulotlar:

Xamiri uchun:

  • 2 osh qoshiq margarin yoki sariyog‘
  • 250 ml sut
  • 100 ml suv
  • 50 gr shakar + 20 gr xamirga sepish uchun
  • 1.5 choy qoshiq xamirturush
  • 7 gr tuz
  • 150-200gr yong‘oqlar
  • 1 dona tuxum
  • 600 gr atrofida un
  • 2 osh qoshiq dolchin maydasi

Karamel sous uchun:

  • 250 gr jigarrang shakar
  • 150 gr sariyog‘ yoki margarin
  • 100 ml sut
  • Ozgina tuz

Yopishoqoq non uchun xamir qorish

Buning uchun 2 osh qoshiq sariyog‘ni eritib olamiz. Keyin uning ustiga iliq suv va sutni quyamiz.

Yopishoqoq non uchun xamir qorish

Endi bu suyuqlikning ustiga tuxumni chaqamiz. Faqat aralashma issiq bo‘lmasligi kerak, bo‘lmasa tuxumning oqi pishib qolishi mumkin. Alohida idishda un, shakar, tuz va xamirturushni aralashtiramiz. Tuz xamirturushdan uzoqqa solinsin.

Endi suyuq aralashmani quruq aralashmaga qo‘shamiz. Xamir yumshoq (qo‘lga yopishadigan bo‘ladi).

Endi xamirni un sepilgan stolning ustiga ontaramiz. Xamirga 5-6 minut ishlov beramiz.

Xamirni yog‘langan idishga solib, ustini ham yog‘laymiz. Keyin xamirning ustini o‘rab 1 soat davomida oshiramiz.

Yopishoqoq non uchun xamir qorish

Yopishqoq non uchun karamel sous tayyorlash

Xamir oshguncha karamel sousni tayyorlab olamiz. Buning uchun jiggarrang shakar, sariyog‘ va sutni qozonchaga solamiz. Aralashmani olovga qo‘yamiz. Shakar va sariyog‘ eriganda, olovni oshiramiz va ozgina tuz solamiz. Karamel sousni bir chetga olib qo‘yib turamiz.

karamel sous tayyorlash

Yong‘oqlarni tovada biroz qizdirib olamiz (ta’mi yaxshilanadi). Odatda bu nonga pekan yong‘oqlari ishlatiladi. Lekin men yong‘oqlar aralashmasidan foydalanaman.

2 osh qoshiq dolchin maydasi va 2 osh qoshiq shakarni aralashtirib olamiz.

Endi oshib chiqqan xamirni stolning ustiga olamiz. Xamirni biroz ezib, havosini chiqarib yuboramiz. Keyin xamirni biroz yoyib olamiz.

Yopishoqoq non tayyorlash

Yoyilgan xamirni uzun lentalarga bo‘lib olamiz. Bu lentalarni endi 1-2sm kattalikda bo‘lib chiqamiz.

Yopishoqoq non tayyorlash

Biroz yog‘langan qolipga karamel sousning 1/3ni quyamiz.

Yong‘oqlarning ham 1/3ni solamiz. Endi xamir donalarini dolchinli shakarga bulab olamiz. Xamirning 1/3ni qolipga solamiz.

Yopishoqoq non tayyorlash (bulochka)

Xuddi shu qatorlarni yana qaytaramiz. Ya’ni yana karamel sousdan quyamiz, yong‘oq sepamiz va xamirdan solamiz.

Shunday qilib xamirning hammasini qolipga joylab olamiz.

Uning ustini o‘rab 1 soat yana qayta oshiramiz. Men yopishqoq nonni nonushtaga tayyorlayman. Shuning uchun ikkinchi oshirish uchun xolodilnikka solaman. Kechasi bilan 6-8 soat orasida turadi. Ertasiga ertalab 40 minut atrofida xona haroratida qoldirib, keyin duxovkaga solaman.

Yopishoqoq non tayyorlash (bulochka)

Vaqt o‘tgach, ikkinchi marta oshib chiqqan nonni 180°C da qizib turgan duxovkada 35 minut davomida pishiramiz. Agar nonning usti tezda qizarib ketsa ustiga folga qog‘oz yopib qo‘yamiz. Nonning pishib chiqqanligini gugurt cho‘pi bilan tekshiramiz.

Yopishoqoq non

Pishib chiqqan nonni idishga ontaramiz va besh minut shunday qoldiramiz (hamma sousi oqib olishi uchun).

Yopishqoq nonni iliqligida dasturxonga tortamiz. Odatda yopishqoq non qo‘l bilan bo‘lib yeyiladi.

E’tibor qiling:

Yopishqoq nonning xamiriga un ko‘p solib yubormang, bo‘lmasa non yumshoq bo‘lmaydi.

Odatda yopishqoq non uzuk shakldagi qolipda tayyorlanadi. Lekin uni boshqa tort qoliplarida ham tayyorlash mumkin.

Agar siz uzuk shaklidagi qolipdan foydalanmagan bo‘lsangiz, nonni yana 5 minut uzoqroq pishiring. Nonning o‘rtasi me’yorida pishishi uchun.

Yopishoqoq non

Yoqimli ishtaha!!!

Blogda yana boshqa mazali non va bulochkalarning retseptini ham topasiz. Masalan, sinabon yoki yopishqoq bulochkalar.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com