Bu shokoladli tort 1980 yillarda yaratilgan. U 80 yillarning eng mashhur deserti bo‘lgan. Hozirda u Shimoliy Amerika va Yevropaning hashamdor restoranlarida dessert uchun dasturxonga tortiladi. Dekandensiya tortida shokolad ta’mi juda kuchli bo‘ladi. Odatda bu tort mevali sous bilan birgalikda yeyiladi. Shokoladli tort har qanday bayramona dasturxon uchun ajoyib dessert bo‘ladi.
Kerakli mahsulotlar:
- 500 gr shokolad (men sutli va qora shokolad turlarini aralashtirdim)
- 150 gr sariyog‘
- 20 gr shakar
- 50 ml kofe damlamasi
- 5 dona tuxum
- 15 gr un
- 150 ml atrofida malina sousi (ta’bga qarab)
Birinchi bo‘lib issiqqa chidamli idishda shokolad va sariyog‘ni bug‘da eritib olamiz. Buning uchun idishni qaynayotgan suvning ustiga qo‘yamiz. Suv shokolad solingan idishning tubiga tegmasligi kerak. Bo‘lmasa shokolad kuyib qoladi.
Shokolad erigach uni bir chetga surib turamiz.
Alohida idishda 5 ta tuxum va shakarni mikser yordamida ko‘pirtirib olamiz.
Endi ko‘pirtirilgan tuxumning ustiga un, tuz va kofe damlamasini qo‘shamiz.
Keyin aralashmaning ustiga shokoladli eritmani solamiz. Hammasini yengil aralashtiramiz.
Endi xamirni yog‘langan va un sepilgan qolipning ustiga quyamiz.
Tortni 210⁰C da qizib turgan duxovkada 12-14 minut davomida pishiramiz. Tort tayyor bo‘lganda, uning o‘rtasi biroz yumshoq bo‘ladi. Bu tort keyin qotadi.
Tort to‘la sovigach xolodilnikda 3-4 soat ushlab keyin qolipdan chiqaramiz.
So‘ngra uni kesib malinali sous bilan dasturxonga tortamiz. Odatda bu tort kichikroq bo‘laklarga bo‘linadi. Malinali sous tayyorlash retseptini mana bu linkda topasiz.
E’tibor qiling:
Shokoladli tortga un ko‘p solib yubormang. Bo‘lmasa tortning ta’mi buziladi.
Tortni uzoq pishirib yubormang. Bu ham uning ta’mini o‘zgartiradi.
Agar tortni qolipdan chiqarishga qiynalsangiz qolipni 1 minut issiq suvga solib qo‘ying.
Yoqimli ishtaha!!!
Blogda boshqa shokoladli desertlarning retseptini ham topasiz. Masalan, kakao va sutli tort yoki shokolad va qulupnayli tort.
Veb sahifa: www.juvajon.com