Lavlagili spagetti 10-15 minut ichida tayyor bo‘ladigan sog‘lom taomdir. U vitaminlar, minerallar va foydali yog‘larga boy taom. Lavlagili spagetti sog‘lom ovqatlanishdagilar va band odamlar uchun ayni muddao. Tez va sog‘lom retsept.
Kerakli mahsulotlar (4-5 portsiya uchun):
- 500 gr spagetti (men qora bug‘doy unidan tayyorlanganidan foydalandim)
- 3-4 dona pishgan qizilcha (hajmiga qarab)
- 3-4 dona chesnok tishi
- Bir bog‘ ukrop
- 100 gr grek yong‘oq (xohishga qarab)
- 4 osh qoshiq zaytun yog‘i
- Yarimta qalampir yoki ta’bga qarab (men 1/10 qo‘shdim)
- 300 gr feta pishlog‘i yo‘q bo‘lsa brinza
Bu taom uchun qizilchani oldindan pishirib qo‘ying. Uni duxovkada yoki bug‘da pishirish mumkin.
Qaynagan tuzli suvda spagettini pishish uchun soling. U pishib turguncha lavlagili spagetti uchun sous tayyorlang.
Buning uchun blenderning idishiga qizilchani, yong‘oqni, zaytun yog‘i, chesnok, ozgina qalampir va yarim bog‘ ukroprni soling. Hammasini bleder bilan sous qilib oling.
Endi spagettining suvini to‘king va uning ustiga lavlagili sousni quying. Hammasini aralashtiring.
Lavlagili spagetti tayyor. Uning ustiga ukropning qolgan qismi va feta pishlog‘idan sepib dasturxonga torting. Yana yong‘oq ham sepish mumkin. Men lavlagili spagettini dasturxonga qo‘shimcha zaytun yog‘i bilan tortaman. Xohlagan odam qo‘shib olishi mumkin.
E’tibor qiling:
Bu taom yangiligida eng mazali bo‘ladi.
Lavlagili spagettining sousi uchun aslida yong‘oq solinmaydi. Lekin men doim qo‘shaman. Chunki qizilcha va feta pishlog‘i yong‘oq bilan yaxshi aytadi.
Lavlagili spagetti uchun sousni ta’bga qarab achchiq qilish mumkin.
Yoqimli ishtaha!!!
Blogda yana boshqa tezda tayyor bo‘ladigan spagettilarning retseptini topasiz. Masalan, karbonara. Yana blogda lavlagidan tayyorlanadigan taomlarning retsepti ham bor. Masalan, qizilchali salat yoki kinva salati.
Veb sahifa: www.juvajon.com