You are currently viewing Pound keyk (Shokoladli keyk)

Pound keyk (Shokoladli keyk)

Pound keyk Yevropada 1700 yillar atrofidan boshlab tayyorlanib kelgan. U pound keyk deb atalishiga sabab uning hamma mahsulotlari bir pounddan (o‘lchov birligi) solingan. Bugun uch shokolad pound keykining retseptini yozaman. Oson, lekin har qanday dasturxoning ko‘rki bo‘ladigan keyk.

Kerakli mahsulotlar (21 smli keyk uchun):

Xamiri uchun:

  • 200 gr margarin yoki sariyog‘
  • 5-6 dona tuxum (hajmiga qarab)
  • 250 gr un
  • 200 ml qatiq yoki smetana
  • 250 gr shakar
  • 100 gr kakao
  • 50 ml kofe damlamasi
  • 1 osh qoshiq vanillin
  • Yarim choy qoshiq tuz
  • 1 osh qoshiq razrixlitel
  • Yarim choy qoshiq ichimlik sodasi

Shokoladli glazur uchun:

  • 2 osh qoshiq kakao kukuni
  • 100 ml sut
  • 2-3 osh qoshiq shakar
  • 1 choy qoshiq to‘la kraxmal
  • 2 osh qoshiq sariyog‘
  • 20-30 gr shokolad (sutli yoki qora)
  • Ustiga sepish uchun ozgina qirg‘ichdan o‘tkazilgan shokolad (xohishga qarab)
Pound keyk uchun kerakli mahsulotlar

Pound keyk uchun xamir tayyorlash

Hamma mahsulotlar xona haroratida bo‘lishi kerak.

Biroz yumshoq sariyog‘ va shakarni mikser bilan aralashtirib oling.

Pound keyk uchun xamir tayyorlash

Keyin ularning ustiga tuxumni bitta-bitta chaqib aralashtirishda davom eting.

Ustiga qatiqni qo‘shing, men ichimlik sodasini qatiqqa aralashtirib oldim.  Keyin vanillin va kofe damlamasini ham aralashtiring.

Pound keyk uchun xamir tayyorlash

Aralashmaning ustiga elangan un, kakao va razrixlitelni qo‘shing.

Hammasini katta qoshiq bilan aralashtirib oling. Pound keyk uchun xamir tayyor.

Pound keyk uchun xamir tayyorlash

Endi uni yog‘langan qolipga quying. Keykni 175⁰C da qizib turgan duxovkada 40-45 minut davomida pishiring. Keykining pishib chiqqanligini gugurt cho‘pi bilan tekshirib ko‘ring. Pound keykni qolipdan chiqarib sovishi uchun qoldiring.

Pound keyk tayyorlash

Pound keyk uchun glazur tayyorlash

Qozonchada kraxmal, shakar va kakaoni aralashtiring. Unga 100 ml sutni oz-ozdan quying.

Endi bu aralashmani past olovga qo‘ying. Uni tinmay aralashtirib, quyuqlashishini kuting. Shokoladli aralashma quyuqlashgach, olovni o‘chiring.

Pound keyk uchun shokoladli glazur tayyorlash

Ustiga sariyog‘ni soling. Sariyog‘ erigach, shokoladni qo‘shing. Shokoladli glazur biroz sovigach, uni sovigan keykning ustiga quying.

Pound keyk uchun shokoladli glazur tayyorlash

Pound keykning ustidagi glazur biroz qotigach, uni dasturxonga torting. Men ustiga mayda shokolad ham sepdim.

E’tibor qiling:

Kofe damlamasi shokoladli xamirga qo‘shilganda u kakaoning ta’mini yana ham kuchaytiradi.

Men keykining ichi biroz ‘fudgy’ ya’ni, biroz yopishadigan bo‘lishini yoqtiraman. Shuning uchun razrixlitelni biroz oz solaman. Agar siz keyk ko‘proq ko‘tarilishini xohlasangiz unda razrixlitelni ozgina ko‘proq qo‘shing.

Yoqimli ishtaha!!!

Blogda yana boshqa mazali keyklarning retseptini topasiz. Masalan, kokosli keks yoki shokoladli tort.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com