Rakushkalar men eng birinchi tayyorlashni o‘rgangan pishiriqdir. Ular O‘zbekistonda ko‘p tayyorlanadi va har bitta oilaning o‘z retsepti bor. Men ham quyida rakushaklarning o‘zim tayyorlaydigan usul bilan bo‘lishaman.
Kerakli mahsulotlar(20 dona rakushka uchun):
- 200 gr sariyog‘ yoki margarin
- 180 gr qaymoq
- 2 dona tuxum
- 400 gr atrofida un
- 3 osh qoshiq shakar
- 1 chimdim tuz
- Yarim choy qoshiq ichimlik sodasi (uksus bilan eritilgan)
- 50 gr shakar kukuni
Rakushkalar uchun xamir qorish
Xamir uchun hamma mahsulotlar sovuq holatda bo‘lishi kerak.
Idishda un va tuzni aralashtiring. Ularning ustiga qirg‘ichdan chiqarilgan sariyog‘ni soling. Un va sariyog‘ni aralashtiring.
Endi qaymoqqa 2 ta tuxumning sarig‘ini qo‘shing. Ichimlik sodasini ham sirka bilan eritib, qaymoqning ustiga qo‘shing. Bu aralashmani quruq mahsulotlarning ustiga quying va xamir qoring.
Rakushkaning xamiri yengil harakatlar bilan qorilishi kerak. Xamirga ortiqcha ishlov berib yubormang. Endi xamirning ustini o‘rab 30 minut yoki uzoqroqqa xolodilnikka solib qo‘ying.
Rakushka tugish
Xamir tinib turguncha rakushkalarning ichiga solish uchun beze tayyorlab oling. Buning uchun 2 ta tuxumning oqini mikser yordamida oppoq bo‘lguncha ko‘pirtiring. Tuxum oppoq va qattiq bo‘lib ko‘pirgach 3 osh qoshiq shakarni oz-ozdan solib, yana tuxum oqini ko‘pirtirishda davom eting. Tayyor bezeni bir chetga surib qo‘ying.
Endi xamirni olib 20 ga bo‘ling va dumaloqlab oling.
Zuvalalarni 15sm atrofida, doira shaklida yoyib oling.
Bitta doiraning chekasiga 1 osh qoshiq atrofida bezedan soling. Keyin xamirni o‘rtasidan buklang a yana bir buklang.
Natijada 3D uchburchak shakl paydo bo‘ladi (rasmga qarang).
Endi rakushkalarni beze solingan tomonini tepaga qaratib listga terib chiqing. Bir-biriga yopishtirib qo‘ymang.
Listni 180C° da qizib turgan duxovkada 20 minut atrofiga soling. Rakushkalar juda och tilla rang bo‘lib pishishi kerak.
Pishgan rakushkalarni issiqligida shakar kukuniga bulab oling. Keyin ularni sovitib dasturxonga torting.
E’tibor qiling:
Rakushkalarning xamiriga faqat qaymoqdan foydalaning. Smetana yoki qatiq bilan xamir qorilsa, rakushkalar uncha yumshoq chiqmaydi.
Rakushkalar uchun beza bilan birgalikda yong‘oq ham solish mumkin.
Rakushkalar usti yopiq idishda bir haftagacha yaxshi saqlandi.
Yoqimli ishtaha!!!
Blogda yana boshqa mazali pishiriqlarning retseptini ham topasiz.
Veb sahifa: www.juvajon.com