You are currently viewing Budino – italiyancha dessert

Budino – italiyancha dessert

Budino bu italyancha dessert bo‘lib, u juda qadimdan tayyorlanib keladi. Zavarnoy krem va karamel sousining aralashmasi ajoyib ta’m yaratadi. Budino tayyorlash oson. Budino ko‘pchilikka yoqishiga ishonchim komil.

Kerakli mahsulotlar (4 portsiya uchun):

Zavarnoy krem uchun:

  • 1 dona tuxum (oqi va sarig‘i)
  • 2 dona tuxum sarig‘i
  • 150 gr shakar
  • 30 gr sariyog‘
  • 300 ml qaymoq
  • 150 ml sut
  • 2 osh qoshiq makkajo‘xori kraxmali
  • Ozgina tuz
  • 2 choy qoshiq vanillin

Karamel uchun:

  • 150 gr shakar
  • 120 ml qaymoq
  • 30 gr sariyog‘

Budino uchun zavarnoy krem tayyorlash

Iishda tuxum, ikkita tuxum sarig‘i va kraxmalni aralashtirib oling. Qozonchada sut va shakarni qizitib oling.

Budino - italiyancha dessert tayyorlash

Endi tuxumli aralashmaning ustiga qozonchadagi sutli aralashmadan ozgina aralashtiring. Maqsad tuxumli aralashmani ilitib olish.

Keyin tuxumli aralashmani qozonchaga quying va aralashtiring.

Budino - italiyancha dessert tayyorlash

Krem bir pastda quyuqlashadi. Olovni o‘chiring.

Endi kremni elakdan o‘tkazib oling. Elakdan o‘tkazish shart emas aslida, lekin bu kremni mayin bo‘lishiga yordam beradi.

Budino - italiyancha dessert tayyorlash

Elakdan o‘tgan kremning ustiga vanillin qo‘shing.

Kremni idishlarga bo‘lib oling. Ustini o‘rab, oldin xona haroratida, keyin esa xolodilnikda sovitib oling. Budino 3-4 soat xolodilnikda turishi kerak. Ungacha karamel sousini tayyorlab oling.

Karamel sousi tayyorlash

Shakarni tubi qalin qozonchaga soling. Ustiga 1 osh qoshiq atrofida suv quying.

Budino - italiyancha dessert tayyorlash

Shakar avval burda-burda bo‘ladi, keyin esa erishni boshlaydi.

Shakarning ustida katta-katta pufaklar paydo bo‘lganda olovni o‘chiring yoki paslating.

Budino - italiyancha dessert tayyorlash

Erigan shakarning ustiga oldin sariyog‘ni soling. Keyin esa qaymoqni quying. Olovni past qilib yoqing. Bir minut davomida yoki shakar to‘la erib olguncha sousni aralashtiring. Karamel tayyor. Uni biroz sovitib oling.

Budino - italiyancha dessert tayyorlash

Endi sovigan budinoning ustiga karamel sousidan quying. Miqdor uchun rasmga qarang.

Budino tayyor. Uni dasturxonga torting. Odatda budino kichikroq portsiylarda beriladi.

Budino - italiyancha dessert

E’tibor qiling:

Sut va qaymoq sovuq bo‘lganligi sababli erigan shakarga qo‘shilganda shakar biroz qotadi. Lekin olovga qo‘yilganda yana eriydi. Agar bu holat bo‘lishini istamasangiz, unda sut va qaymoqni biroz ilitib oling. So‘ngra qozonchaga quying.

Tuxumli aralashamani albatta iliq sutli aralashma bilan ilitib oling. Bo‘lmasa tuxumning sariq qismi pishib qolish ehtimoli bor.

Karamel uchun shakar eritishda e’tiborli bo‘ling. Shakar tezda kuyadi. Kuygan shakardan tayyorlangan karamel ta’mi taxir bo‘ladi.

Budinoning ustiga karamelni faqat dasturxonga tortishdan oldin quying.

Karamel sousi xolodilnikda uzoq muddat saqlanadi. Biroz quyuqlashsa, issiqqa qo‘yilsa eriydi.

Yoqimli ishtaha!!!

Blogda yana bananli puddingning retseptini ham topasiz. Yana boshqa italyancha taomlarning retseptlari ham bor.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com