You are currently viewing Bif chili (Beef chilli)

Bif chili (Beef chilli)

Hola de Mexico! Bif chili Meksika oshxonasining eng keng tarqalgan taomi bo‘lib, u juda mazali va tayyorlashga oson. Juda oddiy mahsulotlar ishlatiladi. Bif chili oqsil va vitaminlarga boy, kaloriyasi oz va yog‘i deyarli yo‘q ovqat. Parxezdagi odamlar uchun juda qo‘l keladi.

Kerakli mahsulotlar: (8 portsiya uchun)

  • 700 gr mol go‘shti qiymasi (men yo‘g‘li va yo‘gsiz qiyma aralashtirdim)
  • 3 ta bulg‘or qalampiri
  • 3 dona yaxshi yetilgan pomidor yoki 1 chinni qozon shakarob
  • 300gr loviya (menda muzlatilgani)
  • 300gr pishgan qizil loviya
  • 3 dona chesnok tishi
  • 300gr makkajo‘xori donasi (yangisi, yoki muzlatilgani, yoki konservalangan)
  • 1 osh qoshiq tomat
  • 1 bosh kashnich
  • 2-3dona piyoz
  • 1 dona limon yoki laym
  • 1 osh qoshiq zaytun (olivka) yoki o‘simlik yog‘i
Bif chili masalliqlari

Ziravorlar: (hammasi 1 choy qoshiqdan) murch, kashnuch urug‘ maydasi, paprika, shakar, quritilgan qalampir maydasi, oregano va quritilgan piyoz maydasi (agar bo‘lsa). Tuz ta’bga qarab. Odatda bu ovqat sal achchiq bo‘ladi, lekin men qalampir juda oz miqdorda qo‘shaman, siz ham o‘zingizni ta‘bingizga moslang.

Bif chili uchun ziravorlar

Pishirish jarayoni

Qozonni qizdirib, unga yog‘ni quying va go‘shtni solib 5-6 minut qo‘g‘iring (rasmga qarang).

Go‘sht sal qizargach, uning ustiga kubik qilib to‘rg‘algan piyozni solib yana 3-4 minut qo‘g‘iring.

Bif chili pishirish jarayoni

Endi kubik shaklida to‘rg‘alagan bulg‘or qalampiri, maydalangan loviya va chesnokni soling.

Ularni bir-ikki aralashtirib tomat va hamma ziravorlarni soling.

Bundan so‘ng esa maydalangan pomidorni solib yana 3-4 minut qo‘g‘ring.

Bif chili sousini qo'shamiz

Keyin qizil loviya va makkajo‘hori donasini soling va qozonga 2 litr qaynab chiqqan suv quying. Hammasi bo‘lib bu jarayon uchun 20 minutdan oz vaqt ketadi.

Bif chili

Qozon qaynab chiqqach, olovni pasaytirib bif chilini ikki soat o‘rta olovda qaynating, qopqog‘i ochiq holatda.

Har 20-25 minut orasida qozonni bir kavlab qo‘ying.

Bu vaqt mobaynida qozondagi suv qaynab ozayadi va qayla qo‘yiladi.

Bif chili tayyor

Agar qayla tezda qo‘yilib ketsa, yana qaynagan suvdan ozgina quyib, qopqog‘ini yopib qaynating.

Bif chili qo‘yilib tayyor bo‘lganda bitta limon yoki laymning sokini qo‘shing. Endi olovno o‘chirib 10 minut dam oldiring, so‘ngra dasturxonga torting.

Bif chili odatda oddiy qaynatilgan guruch bilan birga yeyiladi. Men bugun jigarrang guruch ishlatdim, siz ham o‘zingiz istagan guruch bilan iste’mol qiling. Unga yana xohishga qarab ustiga achqimtir qaymoq qo‘shsa bo‘ladi. Sizda qaymoqning bunday xili yo‘q bo‘lsa, unda smetanaga ozgina limon sokidan solib ishlating. Bif chilining ustiga albatta kashnich seping, bu muhim.

E’tibor qiling:

Yangi kashnich yo‘q bo‘lsa, ovqatni qaynatishda quritilgan kashnich soling.

Bif chili uzoq vaqtda tayyor bo‘lgani bilan, u ko‘p mehnat talab etmaydi.

Bif chilini qancha uzoq qaynatsangiz, shuncha shirin bo‘ladi.

Limonning sokini solishdan qo‘rqmang, ovqat nordon bo‘lib qolmaydi, balki o‘zgacha ta’mga ega bo‘ladi.

Shakar albatta soling, u pomidorning nordon ta’mini balanslashtiradi.

Yana bif chili holodilnikda 2-3 kungacha ham juda yaxshi saqlanadi va bu uning ta’mini buzmaydi.

Yoqimli ishtaha!!!

Blogda boshqa qiymali taomlar retseptlarini ham ko’ring. Masalan, Shved Qiymalarini totib ko’ring.

Telegram kanalimizga ulaning