You are currently viewing Naan – iftorlik uchun maxsus

Naan – iftorlik uchun maxsus

Yarim soatda issiq non qilmoqchimisiz – sizga naanni tavsiya qilaman. Naan xamirturushsiz, tezda tayyor bo‘ladigan non. Shoshilganda juda qo‘l keladi. U hind oshxonasining vakilidir.

Kerakli mahsulotlar (10 dona 15 smlik naan uchun)

  • 200 ml qatiq
  • 350 gr atrofida un
  • 3-4 osh qoshiq yog‘ (har qanday turi)
  • 1 osh qoshiq sedana
  • Choy qoshiq uchida ichimlik soda (eritish shart emas) sodasi yoki razrixlitel
  • Ozgina tuz 

Laganchada qatiq, sedana, 1osh qoshiq yog‘ va tuzni aralashtiring.

Endi uning ustiga keragicha un solib yumshoq xamir qoring.

Naan uchun xamir qilamiz

Qatiqqa qorilgan xamir qo‘lga ko‘p yopishadi. Men stolning ustiga un sepib, xamirni uning ustida silliqroq qilib olaman (juda silliq bo‘lishi shart emas). Endi xamirning ustini o‘rab 5 minut dam bering.

Endi xamirni bo‘lib mayda zuvalachalar qiling. Men 10 ga bo‘ldim (naan kattaroq qilinsa ham bo‘ladi).

Naan uchun zuvala

Bitta zuvalani olib 15smlik qilib yoying, balandligi 1smdan sal pastroq bo‘ladi.

Endi qizib turgan tovaga yarim choy qoshiq atrofida o‘simlik yog‘i quying va uning ustiga naanni qo‘ying.

Naan pishiramiz

Ikkala tomonini qizartirib o‘rta olovda pishiring. Odatda bir tomini 2 – 3 minutda pishadi.

Shunday qilib hammasini pishirib oling.

Naan tayyor

Naan ko‘p ovqatlar bilan, ayniqsa karri, ko‘rma, boshqa sousli taomlar va qaymoq bilan juda mos tushadi.

E’tibor qiling:

Xamirga ortiqcha ishlov bermang, bo‘lmasa naan qattiq bo‘lib qoladi.

Qatiqning o‘rniga smetana ishlatsa ham bo‘ladi.

Bu retsept sal turib qolgan qatiqni ishlatib yuborishning juda yaxshi yo‘lidir.

Naan tayyor

Yoqimli ishtaha!!!

Blogdagi boshqa hindcha taomlar retseptlari bilan ham tanishing.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com