You are currently viewing Duxovkada parmuda somsa

Duxovkada parmuda somsa

Parmuda somsa tayyorlashning oson retsepti. Bu retsept bo‘yicha qilingan parmuda somsalarning xamiri uqalanadigan bo‘ladi va yana ular yeyishga juda qulay, ayniqsa yoshi kattalar va bolalar uchun.

Kerakli mahsulotlar (15 dona parmuda somsa uchun, har birida 4 dona somsacha bor):

Xamir uchun

  • 400 gr un
  • 250 ml suv
  • 130 gr saryog‘ yoki margarin
  • 1 chimdim tuz

Qiymasiga (xar hil qiyma qilish mumkin)

  • 350-400 gr mol go‘shti
  • 350-400 gr piyoz
  • Ozgina qo‘y yog‘i

Zirvorlar: zira, kashnich urug‘, paprika, murch va tuz

Birinchi un, suv va tuzni aralashtirib yumshoqroq xamir qoramiz (odatdagi somsaning xamiridan yumshoqroq). Yumshoq qilishimizga sabab, qo‘l bilan ham yoyish mumkin bo‘lishi uchun. 

Parmuda somsa uchun xamir

Endi xamirni 6 ta zuvalachalarga bo‘lamiz va 5 minut tindiramiz.

Parmuda somsa xamir zuvalalari

Xamir tingach zuvalachalarning bittasini olib qo‘l yoki juva bilan 25-30 sm atroida dumaloq qilib yoyib olamiz. Men qo‘l bilan yoydim.

Parmuda somsa xamirini yoyish

Endi yumshoq saryog‘ning 2 osh qoshig‘ini olib yoyilgan xamirning ustiga surkab chiqamiz.

Ikkinchi zuvalani ham yoyib birinchi xamirning ustiga qo‘yamiz. Hamma zuvalalarni yoyib shunday qo‘yib olamiz. 6 qavat xamir bo‘ladi. Endi xamirni kvadrat yoki to‘rtburchak shakliga keltirib,ustini o‘rab, muzlatgichga 45-60 minutga solib qo‘yamiz. Orasidagi yog‘lari qatishi uchun.

Parmuda somsa xamir

Bungacha somsaning qiymasini tayyorlaymiz. Piyoz, go‘sht va yog‘ni mayda qilib to‘rg‘ab olamiz va ustiga ziravorlar, tuz va murchni sepib, yaxshilab aralashtirib olamiz.

Parmuda somsa uchun go'sht

Yana xamir bilan ishlashga qaytamiz. Xamirni 0.5sm balandlikda yoyib olamiz.

Iloji boricha teng qilib mayda 6-7smlik kvadratlarga bo‘lib olamiz.

Parmuda somsa uchun xamir

Endi bu kvadratlarga qiymadan 1 osh qoshiq atrofida yoki ozroq solamiz.

Ularni dumaloq qilib chugib chiqamiz.

Chugilgan somsachalarning 4 donasini bir-biriga yaqin qilib, tayyorlangan listga joylaymiz. Somsachalarning chetiga suv yoki tuxum surkalsa yaxshiroq yopishadi.

Parmuda somsaga shakl beramiz

Endi somsalarning ustiga tuxum surkab,sedana yoki kunjut urug‘idan sepamiz va qizib turgan duxovkada 40 minut atrofida pishiramiz.

Parmuda somsa duxovkada

Parmuda somsa issiqligida choy bilan birga dasturxonga tortiladi.

E’tibor qiling:

Agar xamirni darrov ishlatmasangiz 1 soatdan keyin holodilnikka olib qo‘ying.

Bunday usulda qilingan xamirni holodilnikda bir necha kungacha yoki muzlatgichda 1 oygacha saqlash mumkin.

Listga fergament qog‘oz solinsa, parmuda somsa tagi kuymaydi va listnii tozalash oson bo‘ladi.

Parmuda somsa tayyor

Yoqimli ishtaha!!!

Keyingi safar somsalarning boshqa turlaridan ham tayyorlab ko’ring. Masalan, Somsa kabob yoki Hindcha samosa.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com