Guruchni bunday usulda pishirish Turk oshxonasida keng tarqalgan. Bu retsept bo‘yicha pishirilgan guruch yengil, lekin to‘yimli bo‘ladi. Marhamat, Turkcha pilaf retsepti bilan tanishing.
Kerakli mahsulotlar (5 portsiya uchun):
- 200gr guruch
- 50-60gr vermishel (вермишель)
- 230 gr atrofida pishgan no‘xat
- 1 osh qoshiq zaytun (olivka) yoki o‘simlik yog‘i
- 1 osh qoshiq saryog‘ (xohishga qarab)
- 0.5 ta tovuq yoki sabzavotlar ziravori (masalan Maggi kubiklari)
Avvalo zaytun yog‘ini qozonchaga solamiz va uning ustiga vermishelni solib, biroz qo‘g‘iramiz.
Vermishel qizargach, yuvilgan va biroz uyiltugan guruchni ham solib qo‘g‘iramiz (1-2 minut).
Endi guruchning ustiga, agar bo‘lsa, Maggi kubiki va tuzni 400ml qaynoq suvda eritib, guruchning ustiga quyamiz.
Guruch qaynab chiqqach, qozonchaning qopqog‘ini yopamiz va olovni pasaytiramiz.
Guruch pishishiga 2-3 minut qolganda, uning ustiga pishgan no‘xat va 1 osh qoshiq saryog‘ni solamiz. Yana bir aralashtirib, guruch to‘la pishgunicha yana qopqog‘ini yopib qo‘yamiz.
Guruch pishgach olovni o‘chiramiz va guruchni bir aralashtirib, unga 5 minut dam beramiz.
Mana endi tayyor guruchni idishga solib, ustiga mayda kashnich sepib, issig‘ida dasturxonga alohida ovqat yoki garnir sifatida tortamiz.
E’tibor qiling:
Vermishel, yog‘da guruchdan oldin qo‘g‘irib olinsa, u guruchdan ajrab turadi va taomga qo‘shimcha ko‘rinish beradi.
Odatda 1 nisbat gurichga 2 nisbat suv quyiladi, lekin guruchlarning suv tortishi har xil bo‘lishi mumkin, shunga e’tibor qilib suv quying.
Agar turkcha pilaf ustiga no‘xat ko‘proq qo‘shilsa bu ovqat o‘zi to‘laqonli taom bo‘ladi, chunki no‘xat oqsilga boy.
Yoqimli ishtaha!!!
Blogdagi boshqa garnir retseptlari bilan ham tanishing.
Veb sahifa: www.juvajon.com