You are currently viewing Fransuzcha ekler (zavarnoy)

Fransuzcha ekler (zavarnoy)

Bizga “zavarnoy” nomi bilan tanish bo‘lgan ekler desserti birinchi bo‘lib Fransuz oshpazi tomonidan Fransiyaning qirollik oilasi uchun tayyorlangan. Bu retseptda ishlatilgan ‘creme patissiere’ bu eklerlarni boshqa “zavarnoy” pishiriqlardan ajratib turadi.

Ekler uchun kerakli mahsulotlar (20 dona 9 smlik):

Ekler xamiri uchun

  • 70 gr un
  • 60ml suv
  • 50gr saryog‘ (сливочное масло)
  • 3 ta tuxum (bittasi ustiga surkash uchun)

Ekler kremi uchun

  • 200ml sut
  • 60 gr shakar
  • 1 ta tuxum
  • 0.5 osh qoshiq makkajo‘xori kraxmali (yo‘q bo‘lsa un)
  • 0.5 osh qoshiq un
  • 200-250ml qaymoq
  • Ozgina vanilin
  • Ozgina tuz
  • 3 osh qoshiq shakar kukuni

Avvalo ekler kremi uchun kerak bo‘ladigan zavarnoy krem qilib oling. Buning uchun qozonchaga sut va shakarni solib o‘rtacha olovga isitgani qo‘ying.

Alohida idishda bitta tuxumni chaqib, unga kraxmal, un va tuzni soling. Hammasini yaxshilab aralashtirib, qozonchadagi iliq sutdan 2 osh qoshiq olib qo‘shing.

Ekler uchun krem masalliqlari

Endi bu aralashmani qozonchadagi sutning ustiga quyib aralashtiring.

Kremni tinmay aralashtirib turing, qaynamasdan qo‘yilsin.

Ekler uchun krem

Qo‘yilgach kremni boshqa sovuq idishga quying va vanilin qo‘shib bir aralashtiring. So‘ngra kremning ustini plyonka bilan yopib, avval xona haroratida, so‘ng xolodilnikda sovuting.

Ekler kremi

Endi ekler xamirini tayyorlaymiz

Xamir tayyorlash uchun suv va saryog‘ni qozonchaga solib, olovni pastroq qilib yoqing.

Ekler xamiri uchun yog' eritamiz

Saryog‘ erigach, elangan 70gr unni qo‘shib xamir qiling.

Xamir bir pastda qoriladi va silliq bo‘ladi.

Endi xamirni chetga olib sovuting. Men tezroq sovishi uchun boshqa idishga ontarib oldim.

Xamir sovigach uning ustiga tuxumning bittasini chaqib yaxshilab xamir bilan aralashtiring.

Ekler xamiri

Keyin ikkinchi tuxumni chaqib uni ham xamir bilan aralashtiring.

Endi xamirni konditer qopchasiga soling. Buning uchun (men oson deb o‘ylagan usul) bitta bo‘sh stakanga qopchani soling va uning ustiga xamirni qoshiq yordamida solib oling.

Ekler xamiri

Endi fergament qog‘oz solingan listga xamirdan xohlagan kattalikda siqib chiqaring. Eklerlar bir xil kattalikda bo‘lishini xohlasangiz, fergament qog‘ozning oqrasiga belgilar qo’yib oling.

Eklerlarning ustiga tuxum surkab 200C°da qizib turgan duxovkaga ularni soling va duxovkani 180C°ga pasaytiring. Eklerlar 25 minut atrofida pishib chiqadi.

Ekler xamirini pishiramiz

Endi eklerlarni duxovkadan olib, ularning xar birini ikki tomoniga gugurt cho‘pi bilan teshikchalar qilib chiqing (rasmga qarang). Bu eklerning ichidagi issiq havo chiqib ketishiga yordam beradi va bu o‘z navbatida eklerlarning ichini quritadi.

Eklerni krem solishga tayyorlaymiz

Eklerlarni to‘la sovitishga qo‘ying.

Kremni tayyorlashda davom etish – har domgidek muzdek idishga qaymoq, shakar kukuni va vanilinni solib mikser yordamida ko‘pirtiring. Qaymoqning ustida iz qolishi bilan ko‘pirtirishni to‘xtating.

Ekler uchun krem

Sovigan zavarnoy kremni ham mikser bilan bir marta aylantirib oling.

Endi ko‘pirtirilgan qaymoqqa  zavarnoy kremni ikkiga bo‘lib ehtiyotkorlik bilan aralashtiring. Bunday krem Fransuz oshxonasida ko‘p ishlatiladi va “crem patissiere” deb ataladi.

Endi eklerlarni krem solishga tayyorlab olamiz

Buning ikki yo‘li bor. Birinchisi konditer nasadkasinng uchi bilan bilan sekin asta-ikki chetidagi teshikni kengaytirish va kremni o‘sha teshikning ikki tomonidan quyish.

Ikkinchisi eklerlarni gorizontal o‘rtasidan pichoq bilan kesib olish va kremni o‘sha yerdan quyish. Ikkinchi yo‘l osonroq yo‘l bo‘lib, ayniqsa yangi o‘rganganlar uchun qo‘l keladi.

Tayyor kremni konditer qopchasiga soling va eklerlarning ichini to‘ldiring (rasmlarga qarang).

Eklerga krem solamiz

Ekler ustini shakar kukuni yoki eritilgan shokolad bilan bezash mumkin.

Shokolad eritish usuli: 50 gr mayda shokoladning ustiga 30 ml issiq sut quying va 1 minutdan so‘ng qoshiq bilan aralashtiring.

E’tibor qiling:

Ekler uchun faqat saryog‘ (сливочное масло) ishlating.

Hamma mahsulotlar aniq miqdorda solinishi kerak, bo‘lmasa eklerlar ko‘tarilmay qoladi.

Duxovkani 200C°ga qizdirib, keyin albatta 180C°ga paslatish muhim.

Yana bir vaqtning o‘zida duxovkaga faqat bitta list soling, eklerlarga tepadan ham pastdan ham issiq tegishi kerak.

Ekler tayyor. Ichiga e'tibor qiling.

Yoqimli ishtaha!!!

Blogdagi boshqa dessertlar retseptlari bilan ham tanishing. Masalan, Trubochki ham kremli ajoyib dessert.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com