You are currently viewing Afg‘oncha go‘shtli non

Afg‘oncha go‘shtli non

Afg‘oncha go‘shtli non Afg‘oniston va Eronda keng tarqalgan bo‘lib, ayniqsa ramazon paytida ko‘p iste’mol qilinadi. Siz ham yaqinlaringizga qilib bering, mazasi ularga yoqishiga ishonchim komil.

Kerakli mahsulotlar (4 dona 25smlik non uchun):

Xamir uchun

  • 500gr un
  • 200ml atrofida iliq suv
  • 7 gr xamirturush (дрожжи)
  • 12 osh qoshiq yog‘ (o‘simlik, hayvon, yoki margarin yog’i)
  • 1 choy qoshiq shakar
  • 1 choy qoshiq tuz

Qiymasi uchun (men ikki xil qildim):

  • Birinchisi- 300 gr mol go‘shti, 3 dona piyoz va ziravorlar (zira, kashnich urug‘i, murch…)
  • Ikkinchisi- 6-7 dona pomidor qoqi , 2 dona piyoz va tuz.

Idishda un va tuzni aralashtiring va 2 osh qoshiq yog‘ quying. Alohida idishda iliq suv, xamirturush va shakarni aralashtirib,  uni unning ustiga quyib xamir qoring.

Afg‘oncha go‘shtli non xamirini tayyorlaymiz

Endi bu xamirning ustini o‘rab iliq joyda 45-60 minut atrofida oshiring.

Afg‘oncha go‘shtli non uchun xamir

Xamir oshgunicha nonning ichiga solinadigan narsalarni tayyorlab oling. Bitta idishda mayda to‘rg‘algan go‘sht,  piyoz, ziravor va tuzni aralashtiring. Ikkinchi idishda esa pomidor qoqi, piyoz va tuzni aralashtiring (achchiq xohlaganlar qalampir ham qo‘shsa bo‘ladi).

Keyin oshib chiqqan xamirni olib uni ikki yoki to‘rtta zuvalaga bo‘ling. Men to‘rtga bo‘ldim, chunki har bir nonni alohida yoyaman, oson bo‘lishi uchun.

Endi zuvalalarni unlangan stolning ustida yoyib oling (juda yupqa bo‘lmasin).

Afg‘oncha go‘shtli non xamirini yoyamiz

Xamirning ustiga yog‘ surkab, qiymaning bir qismini solib chiqing va rulet qilib o‘rang.

Afg‘oncha go‘shtli non xamiriga go'sht solamiz

Endi bu ruletni yonboshchasiga ham o‘rab chiqing (rasmga qarang).

Afg‘oncha go‘shtli non xamirini o'raymiz

Zuvalalarning hammasini shunday tayyorlab olib, yana 10 minut oshiring, albatta ustini o‘ragan holatda.

Keyin zuvalalardan non yasang va ustiga  cho‘p bilan ko‘pgina teshikchalar qiling.

Bu nonlarni yana 5-10 minut ustini yopib dam oldiring.

Endi ustiga tuxum surkab (sedana sepilmaydi) 200C° da qizib turgan duxovkada 30 minut yoki tilla rang bo‘lgunicha pishiring.

Afg‘oncha go‘shtli non pishiramiz

Pishib chiqqach nonning ustini 5-10 minutga o‘rab qo‘ying va so‘ngra issiqligida dasturxonga torting.

E’tibor qiling:

Xamirga non shakli berilgandan so‘ng uni albatta yana oshiring, bo‘lmasa ichi yaxshi pishmay qoladi.

Afg‘oncha go‘shtli non ichiga solinadigan narsalar muzdek bo‘lmasligi kerak, bo‘lmasa non yaxshi ko‘tarilmay qoladi.

Nonni listning o‘zida yoki fergament qog‘ozning ustida yasalsa, keyin uni boshqa joyga ko‘chirish oson bo‘ladi.

Afg‘oncha go‘shtli non tayyor

Yoqimli ishtaha!!!

Blogdagi boshqa non retseptlarini ham ko’zdan kechiring. Masalan Qiymali Naan hind oshxonasining go’shtli noni. U ham juda mazali.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com