Armancha paxlava O‘zbekiston va O‘rta Osiyoda keng tarqalgan paxlava turidir. Shuning uchun uni ko‘pchilik tayyorlashni biladi. Lekin ayrim holatlarda uning o‘rtadagi xamiri yaxshi pishmagan bo‘ladi. Bu o‘z navbatida uning mazasiga ta’sir etadi. Men bugun sizlarni armacha paxlavaning juda mazali chiqadigan va o‘rtadagi xamiri ham yaxshi pishadigan retsepti bilan tanishtiraman.
Kerakli mahsulotlar (33x32sm qolip uchun):
Armancha paxlava xamiri uchun:
- 250 gr sariyog‘ yoki margarin
- 180 ml qaymoq yoki yog‘li smetana
- 3 dona tuxum sarig‘i
- Yarim choy qoshiq razrixlitel
- Yarim choy qoshiq tuz
- 700-800 gr atrofida un
Armacha paxlava nachinkasi uchun:
- 400 gr yong‘oq
- 4 dona tuxum oqi
- 200 gr shakar
- Ozgina dolchin maydasi (xohishga qarab)
Paxlava ustiga surkash uchun
- 1 dona tuxum sarig‘i
- 2 osh qoshiq eritilgan sariyog‘
- 5 osh qoshiq asal
Armancha paxlava uchun xamir qorish
Avval unni tuz va razrixlitel bilan aralashtirib oling. Tuxum sarig‘ini esa qaymoq bilan aralashtirib oling.
Endi sariyog‘ni un bilan aralashtirib (uqalab) oling. Buning uchun qirg‘ichdan yoki maxsus moslamadan foydalanish mumkin.
Ularning ustiga qaymoq va tuxumli aralashmani quying. Hammasini aralashtirib tezda xamir qoring. Kerak bo‘lsa un soling, lekin armancha paxlavaning xamiri yumshoq bo‘ladi.
Endi xamirni o‘rab xolodilnikda 1 soat atrofida tindiring. Tingan xamirni teng uchga bo‘lib oling. Uning ikkitasini xolodilnikka qayta solib turing.
Bittasini esa qolipga moslab yoyib oling. Uni listga soling, men listning tubiga fergament qog‘ozi soldim. Endi xamirni vilka bilan teshib oling.
Uni 180⁰Cda qizib turgan duxovkada 20 minut atrofida yoki xamir och tilla rang bo‘lguncha pishiring. U pishib turguncha nachinkani tayyorlab turing.
Armancha paxlava uchun nachinka tayyorlash
Yong‘oqni tovada yoki duxovkada qizdirib oling. Keyin pichoq bilan maydalang. 10-15 donasini butun saqlab qoling.
Endi 4 dona tuxum oqini mikser yordamida oppoq va qattiq bo‘lguncha ko‘pirtiring.
Keyin shakarni oz-ozdan solib ko‘pirtirishda davom eting. Shakarning hammasini qo‘shib bo‘lgach, tuxumni ko‘pirtirishdan to‘xtang.
Maydalangan yong‘oq va dolchin maydasini ‘beze’ bilan aralashtirib oling.
Armancha paxlava pishirish
Endi xamirning qolgan ikkitasini ham qolipga moslab yoyib oling.
Uning bittasini qolipga joylang.
Uning ustidan nachinkaning yarmini soling.
Ustiga oldinroq pishirilgan korjni soling. Ustidan nachinkaning qolgan yarmini bir tekis qilib yoyib chiqing.
Eng tepasiga xamirning qolgan bittasini qo‘ying.
Eng tepadagi xamirni pichoq bilan kesib oling. Odatda paxlava romb shaklida kesiladi, lekin o‘zingiz xohlagan shaklda kesib olishingiz mumkin.
Paxlavaning eng tepasiga tuxum sarig‘i surkab oling. Keyin har bitta rombning o‘rtasiga yong‘oq terib chiqing.
Paxlavani 180⁰Cda qizib turgan duxovkaga 35-40 minut atrofiga soling.
Vaqt o‘tgach uni duxovkadan chiqaring va issiqligida ustiga asal va eritilgan sariyog‘ni yaxshilab surkang.
Paxlavani yana 180⁰Cda qizib turgan duxovkaga 10-15 minutga soling. Paxlavani usti to‘q tilla rang bo‘lguncha pishiring.
Endi tayyor paxlavani 10 minut xona haroratida soviting. Keyin iliqligida ustidagi yo‘nalish bo‘yicha kesib oling. Armancha paxlavani to‘la sovitib, listdan chiqaring va dasturxonga torting.
E’tibor qiling:
Armancha paxlava usti yopiq idishda bir haftagacha yaxshi saqlanadi.
Paxlava uchun xamirga ortiqcha ishlov berib yubormang, bo‘lmasa u mayin chiqmaydi.
Paxlavaga ta’bga qarab ozgina mayiz ham solish mumkin.
Yoqimli ishtaha!!!
Blogda Qrim paxlavasining retseptini ham topasiz. Yana blogda qora-qum shirinligining retsepti ham bor.
Veb sahifa: www.juvajon.com