Florentine usuli deb Italiyaning Florensiya vohasi usulida pishiriladigan taomlarga aytiladi. Florentine usulida pishirilgan taomlarda albatta sariyog‘ va ismaloq bo‘ladi. Bu usul bilan pishirilgan baliq mazali va vitaminlarga boy bo‘ladi. Sog‘lom va tezda tayyor bo‘ladigan baliq retsepti.
Kerakli mahsulotlar (4 portisiya uchun):
- 1 osh qoshiq zaytun yog‘i
- 4 dona baliq bo‘lagi
- 1 dona piyoz
- 2 dona chesnok tishi
- 1 dona bulg‘or qalampiri
- 50 ml smetana yoki qaymoq
- 50 gr krem pishloq (cream cheese)
- 20-30 gr parmazan pishlog‘i
- 300 gr pishirilgan loviyalar (xohishga qarab)
- 1 osh qoshiq sariyog‘
- 2 kosa ismaloq
- Yarimta limonning sharbati
Florentine sousini tayyorlash
Buning uchun sariyog‘ni eriting. Ustiga mayda to‘rg‘algan piyoz va bulg‘or qalampirini soling. Biroz qo‘g‘irib maydalangan chesnokni soling.
Keyin pishgan loviylarni qo‘shing.
Ustidan ismaloqni soling. Men yangi ismaloq bargidan foydalandim. Shuning uchun uni to‘rg‘amadim. Agar sizda ismaloqning kattasi bo‘lsa unda to‘rg‘ab oling.
Endi qaymoq, cream cheese va pishloqni soling. Ta’bga qarab tuz va murch qo‘shing. 100 ml qaynagan suv quying. 5 minut davomida qaynating.
Baliqni pishirish
Alohida tovaga zaytun yog‘ini quying. Qizigach ustiga tuz va murch sepilgan baliqlarni qo‘ying.
Baliqning ikkala tomoni tilla rang bo‘lguncha pishiring. Bunga odatda bir tomoniga 3-4 minut ketadi. Vaqt go‘shtining qalinligiga bog‘liq. Men bir tomoni 3 minutdan pishirdim. Hammasi bo‘lib 6 minut vaqt ketdi.
Sous ham baliq ham tayyor.
Endi idishga sousdan soling va ustiga baliqni qo‘ying. Keyin ozgina limon sharbatidan quying. Taom tayyor. Uni dasturxonga torting.
E’tibor qiling:
Go‘shti pishirilishdan oldin xona haroratida bo‘lishi kerak.
Baliq go‘shti tezda pishadi. Uni ortiqcha pishirib yubormang. Bo‘lmasa quruq bo‘lib qoladi.
Yoqimli ishtaha!!!
Blogda oq baliq go‘shtini yana boshqa usullarda pishirish retseptini ham topasiz. Masalan, qo‘g‘irilgan baliq yoki fish fingers.
Veb sahifa: www.juvajon.com