Baqlajon parm qadimiy Italyancha vegetarian taomdir. U Italyaning Sitsiliya orolidan kelib chiqqan. Baqlajon parm qavatli ovqat bo‘lib, unda baqlajon, pishloq va pomidorli sous ajoyib uyg‘unlik yaratadi.
Kerakli mahsulotlar (3-4 portsiya uchun):
- 3-4 dona baqlajon (hajmiga qarab)
- 2 dona tuxum
- 300 gr mozarella pishlog‘i
- 200 gr qattiq pishloq turi (men gouda pishlog‘idan foydalandim)
- 100 gr parmazan pishlog‘i
- 3 osh qoshiq un
- 100 ml zaytun yog‘i+ 1osh qoshiq pomidorli sous uchun
- 4-5 dona chesnok tishi
- Yarim bosh rayhon
- Ozgina qalampir qurug‘i
- 4-5 dona yaxshi yetilgan pomidor yoki 1 bankka tayyor kesilgan pomidor
- Tuz va murch
- Ozgina shakar
Baqlajon parm uchun pomidorli sous tayyorlash
Buning uchun 1 osh qoshiq zaytun yog‘ini qozonchaga quyamiz. Uning ustiga ozgina quritilgan qalampir va chesnokni solamiz.

Endi idishni olovga qo‘yamiz. Chesnokning hidi chiqishi bilan qozonchaga maydalangan pomidor va rayhonning yarmini qo‘shamiz. 100 ml suv ham qo‘shamiz.
Sousni 30-40 minut atrofida o‘rtacha olovda pishiramiz. Keyin blenderda aralashtirib olamiz.
Baqlajon parm uchun baqlajonlarni tayyorlash
Buning uchun ularni uzunasiga yupqa qilib kesib olamiz.

Idishda un, tuz va murchni aralashtirib olamiz. Alohida idishda esa tuxum, ozgina parmazan pishlog‘i tuz va murchni aralashtiramiz.

Endi kesilgan baqlajonlarni unga bulab olamiz.

Tovaga zaytun yog‘ini bir qismini quyamiz. U qizigach, unlangan baqlajonlarni tuxumli aralashmaga bulab, darrovda qizigan yoqqa solamiz. Bir vaqtning o‘zida 3-4 dona baqlajon bo‘lagini ikki tomonini qizartirib olamiz. Keyin ularni tarelkaga solib turamiz.

Shu usul bilan baqlajonlarning hammasini qo‘g‘irib olamiz.
Baqlajon parmni pishirish
Buning uchun yog‘langan issiqqa chidamli idishga pomidorli sousdan ozgina surkab olamiz. Endi baqlajondan terib chiqamiz.

Uning ustiga esa pomidorli sousning 1/3 qismini quyamiz. Mozarella va gouda pishlog‘ining yarmini solamiz.

Shu usul bilan baqlajon, sous va pishloqni hammasini terib chiqamiz. Eng tepa qismiga faqat pomidorli soudan quyamiz. Uning ustiga tepasiga parmazan pishlog‘idan sepamiz.

Endi buni 220⁰Cda qizib turgan duxovkada 25-30 minut davomida pishiramiz.
Pishib chiqqan baqlajon parmni 30-40 minut dam yedirib, keyin kesamiz. Baqlajon parm iliq yeyiladi.

E’tibor qiling:
Baqlajon parm ertasiga ham yaxshi saqlanadi. Faqat yeyishdan oldin isitib olish kerak.
Baqlajon parmni albatta dam yedirib keyin kesish kerak.

Yoqimli ishtaha!!!
Blogda yana boshqa baqlajonli taomlarning retseptini ham topasiz.
Veb sahifa: www.juvajon.com