Borshni hamma yaxshi taniydi. Borsh O‘zbekistonga sobiq sovet ittifoqi davrida kirib kelgan. Borshning vatani Ukrainadir. Borshni tayyorlash juda osonga o‘xshaydi, lekin uni maromiga yetkazib tayyorlashning bir necha sirlari bor. Bu retseptda shu sirlar bilan bo‘lishaman.
Kerakli mahsulotlar (8 portsiya uchun):
- 3-4 dona mol go‘shtining suyagi (qancha katta suyak bo‘lsa shuncha yaxshi)
- 300-400 gr mol go‘shti
- 4-5 dona qizilcha (hajmiga qarab)
- 2 dona piyoz
- 3 dona kartoshka
- 1 dona bulg‘oq qalampiri
- 2 dona sabzi
- Yarimta limonning sharbati
- Yarimta karam
- 3 dona lavr bargi
- Ozgina qora murch donasi
- 2-3 dona chesnok tishi
- 1 choy qoshiq shakar
- Tuz va murch
- 1 osh qoshiq o‘simlik yog‘i
Suykalarni katta idishga solamiz. Go‘shtni ham 1 sm qalinlikda somoncha qilib to‘rg‘ab, idishga solamiz. Ustiga 5 litr atrofida sovuq suv quyamiz.
Buni olovga qo‘yib, qaynatamiz. Suv qaynab chiqqanda, ustida ko‘pik paydo bo‘ladi. Ko‘pikni suzib olamiz.
Suvga tuz solamiz. Buni endi 2 soat o‘rtacha olovda qaynatamiz.
Endi tovaga yog‘ni quyamiz. Qizigach ustiga yarim uzuk qilib to‘rg‘algan piyozni solamiz. Biroz qo‘g‘iramiz. Keyin to‘rg‘algan chesnokni va qirg‘ichdan o‘tkazilgan sabzini solamiz. Keyin bulg‘or qalampirini ham to‘rg‘ab solamiz. Olovni o‘chiramiz.
Bu sabzavotlarni borshning suviga solamiz.
Keyin karamni ham to‘rg‘ab borshga qo‘shamiz. Hammasini qaynatishda davom etamiz. Borshga lavr bargi va murch donalaridan solamiz.
Endi tovaga qirg‘ichdan o‘tkazilgan qizilchani solamiz. Uni pastroq olovda, qopqog‘ini yopib pishirib olamiz.
Borshning pishishiga 15 minut qolganda kubik qilib to‘rg‘algan kartoshkani solamiz.
Eng oxirida tovada pishgan qizilchani ham borshga solamiz. Unga limonning sharbati va shakar qo‘shamiz. Olovni paslatib yana 10 minut pishiramiz. Qizilcha solingandan so‘ng borshning suvi qattiq qaynamasligi kerak.
Borsh pishgach olovni o‘chiramiz va qopqog‘ini yopib uni biroz tindiramiz.
Borsh tayyor. Ustiga smetana, murch va ukrop sepamiz.
E’tibor qiling:
Borshga qizilchani alohida pishirishdan maqsad, uning rangini saqlab qolish. Agar qizilcha boshidan suvga solinsa, borshning rangi chiroyli chiqmaydi.
Qizilcha solingach, borshning suvi yengil qaynashi muhim. Bo‘lmasa uning rangi o‘zgaradi.
Borsh turgan sari mazasi yaxshilanadigan kam sanoqli taomlardan biridir. Shuning uchun uni ko‘p miqdorda tayyorlashdan qo‘rqmang.
Yoqimli ishtaha!!!
Blogda yana boshqa mazali suplarning retseptin ham topasiz. Yana blogda qizilchadan tayyorlanadigan boshqa taomlarning retseptlari ham bor.
Veb sahifa: www.juvajon.com