You are currently viewing Burger uchun nonlar – “Burger Buns”

Burger uchun nonlar – “Burger Buns”

Bugun uy sharoitida burgerlar uchun non tayyorlaymiz. Bu retsept bo‘yicha tayyorlangan nonlar juda yumshoq va mazali bo‘ladi.

Kerakli mahsulotlar (8 dona non uchun):

  • 450 gr atrofida un
  • 200 ml suv
  • 7 gr xamirturush (droja)
  • 1 ta tuxum + ozgina tuxum nonlarni ustiga surkash uchun
  • 1 osh qoshiq shakar
  • 3 osh qoshiq yog‘ (margarin yoki o‘simlik yog‘i)
  • 1 choy qoshiq tuz
  • 1 choy qoshiq kunjut urug‘i

Iliq suvga, xamirturush va shakarni aralashtirib, 5 minut tindiring.

yumshoq nonlar uchun xamir qorish

Endi uning ustiga yog‘, tuxum va tuzni soling. Bir aralashtirib elangan unni ikkiga bo‘lib soling. Bu xamirni qorish uchun boshida katta qoshiq ishlatish osonroq.

yumshoq nonlar uchun xamir qorish
yumshoq nonlar uchun xamir qorish

Keyin unning qolgan qismini soling. Qoshiq ishlatish qiyin bo‘lib qolgach, xamirni un sepilgan stolning ustiga oling va unlangan qo‘l bilan 5 minut ishlov bering. Ora-orada oz-ozdan un sepilsa qo‘lga va stolga xamirning yopishishi ozayadi.

non uchun xamir

Endi xamirni yog‘langan idishga soling va ustini o‘rab 1,5 soat oshiring.

Xamir oshib chiqqandan so‘ng uni 8 ga bo‘lib, har bir qismni zuvala qilib oling.

xamir
Burger uchun nonlar

Endi bu zuvalalarni fergament qog‘ozi solingan yoki yog‘lang listga orasini ochib qo‘yib chiqing.

Burger uchun nonlar

Har bir zuvalani unlangan qo‘l bilan 1.5 sm balandlikda yoyib oling va ustiga ozgina un seping. Endi bularning ustini o‘rab, yana bir soat yoki nonlar ikki barobar oshgunicha tindiring (shabbodadan ehtiyot qiling).

Burger uchun nonlar

Bir soat o‘tgach, nonlarning ustiga ozgina sut aralashgan tuxum surkang va albatta kunjut seping. Keyin 185°Cda qizib turgan duxovkada 15 minut pishirib oling. Burger nonlarning usti ortiqcha qizarib pishmasligi kerak.

Burger uchun nonlar

Pishgan nonlar sovigach o‘rtasidan bo‘lib o‘zingiz xohlagan burger bilan to‘ldiring. Juvajon.com blogida “Proper Burgers” deb tanilgan inglizcha usuldagi burgerlarning retsepti bor. Yana bu nonlarni “Sloppy Joe” taomi bilan ham to‘ldirish mumkin.

Burger uchun nonlar

E’tibor qiling:

Burger nonlarning xamiriga ko‘p un solib yubormang, bo‘lmasa unchalik yumshoq bo‘lmaydi.

Nonlar listda uzoq vaqt oshadi, shuning uchun tagi yopishib qolishi mumkin. Buning oldini olish uchun fergament qog‘ozi ishlating, yoki listni yaxshilab yog‘lang.

Yana nonlarni listda oshirishdan oldin, albatta ustiga ozgina un seping. Bo‘lmasa ular ustiga o‘ralgan sochiq yoki sellofanga yopishishi mumkin.

Nonlarni listda oshirayotganda ustiga og‘ir sochiq yopmang, bo‘lmasa oshib chiqishiga xalaqit qiladi.

Yoqimli ishtaha!!!

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com