You are currently viewing Chiabata (Ciabatta) – Italyancha non

Chiabata (Ciabatta) – Italyancha non

Chiabata (urg‘u “ba” bo‘g‘iniga) italiyalik novvoy tomonidan 1982 yilda Verona shahrida yaratilgan. U Fransuz bagetining mashhurligiga havas qilib, bu retseptni yaratgan. Haqiqatdan ham chiabata tez orada keng tarqalib, hozirda Yevropa va Amerikaliklarning sevimli noniga aylangan. Uni  tayyorlash juda oson va u juda mazali bo‘ladi.

Kerakli mahsulotlar (6 dona 18sm atrofidagi nonlar uchun):

  • 500 gr un
  • 400 ml iliq suv
  • 10 gr xamirturush (droja)
  • 10 gr tuz
  • 20 ml zaytun (olivka) yog‘i, + ozgina xamirning ustiga surkash uchun
  • 1 osh qoshiq mannaya krupa

Chiabata uchun xamir qorish

Laganchaga elangan un, tuz va xamirturushni soling (xamirturush va tuzni bir-biridan uzoqqa soling). Ularni qoshiq bilan aralashtiring.

Xamir qorish uchun mahsulotlar.

Endi iliq suvni va yog‘ni quying va qoshiq bilan yumshoq xamir qoring.

Chiabata uchun xamir qorish.

Xamir oldin qattiq ko‘rinishga kiradi (rasmga qarang).

Chiabata uchun xamir qorish.

Keyin esa yopishqoq tusga kiradi.

Chiabata uchun xamir qorish.

Xamirga 8 minut atrofida qoshiq bilan ishlov bering. Bu vaqt davomida xamir cho‘ziluvchan tusga kiradi.

Chiabata uchun xamir qorish.

Endi xamirning ustiga ozgina yog‘ surkab, ustini o‘rab shabboda yo‘q iliq joyda 3-4 soat yoki 3 barobar atrofida oshgunicha qoldiring. Bu vaqt havoning haroratiga bog‘liq. Men 3.5 soat oshirdim.

Chiabatani pishirish

Oshib chiqqan xamirni ko‘pgina un sepilgan yuzaga qo‘ying va ustiga ham un seping.

Ehtiyotkorlik bilan xamirga to‘rtburchak shaklini bering. Xamirni ezmang.

Endi buni xohlagan kattalikda pichoq bilan bo‘lib oling  Men 6 ga bo‘ldim.

Chiabata uchun xamir qorish.

Endi xamirni fergament qog‘ozi solingan va mannaya krupa sepilgan listga tering.

Shakl berilgan nonlarni 10 minut tindirib 220°C da qizib turgan duxovkada 22-25 minut davomida yoki och tilla rang bo‘lguncha pishiring. Men 22 minut pishirdim.

Yaxshi pishgan nonning tubiga barmoq bilan urilganda bo‘shliq ovozi kelishi kerak.

Pishib chiqqan nonlarni biroz sovitib dasturxonga torting. Bu nonlar sendvich uchun ham juda mos tushadi.

Chiabata

E’tibor qiling:

Chiabataning xamiriga ko‘p un qo‘shmang, bo‘lmasa non qattiq bo‘lib qoladi.

Xamir oshib chiqqach uni iloji boricha kam ushlang va orasidagi havoni chiqarib yubormang. Bo‘lmasa nonlarning orasida bo‘lishi kerak bo‘lgan kata-katta bo‘shlik yo‘qoladi.

Bu nonning mazasi yaxshi chiqishi uning xamirga juda bog‘liq. Shunung uchun xamirga e’tibor berish kerak.

Yoqimli ishtaha!!!

Blogda yana boshqa turdagi mushlanmaydigan xamirdan tayyorlangan nonlarning retseptini ham topasiz. Masalan qozonda pishgan italyancha non yoki fransuzcha baget.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com