You are currently viewing Forsiy usulda bug’langan guruch

Forsiy usulda bug’langan guruch

Eron oshxonasida guruch odatda shu usulda pishiriladi. Bu usulda guruch juda mayin pishadi va har bir donasi alohida ajrab turadi. Shuning uchun bu guruch ”persian rice”, ya’ni “forscha guruch” nomi bilan dunyoga tanilgan.

Bugungi retseptda saffron ziravori qo‘shiladi. Saffron qadimdan juda qimmat bo‘lgan, hozirda ham dunyoning eng qimmat ziravori hisoblanib 1 kg narxi $5,000 dan yuqori. Lekin juda oz miqdorda ishlatilgani uchun, qimmatga tushmaydi. Saffron ziravori saffron gulidan olinadi.

Kerakli mahsulotlar:

  • 300 gr basmati guruchi (odatda men bitta odamga 70 gr hisoblayman)
  • 2 dona kartoshka
  • 2 osh qoshiq o‘simlik yog‘i
  • Ozgina zira
  • 2 osh qoshiq sariyog‘
  • Ozgina saffron (agar bo‘lsa)
  • Ta’bga qarab tuz

Guruchni yaxshilab yuvib tashlang va uni qaynab turgan tuzli suvga soling. Guruch qaynashni boshlagach uni o‘rta olovda 5 minut pishiring.

Besh minutdan so‘ng suvni to‘kib yuboring.

Endi qozonchaga o‘simlik yog‘ini quying va qizigach 1-1.5 sm qilib kesilgan kartoshkalarni soling. Kartoshkalar guruch kuyib ketmasligi uchun asos bo‘ladi. Kartoshkaning ustiga ozgina zira va tuz seping.

Endi chala pishgan guruchni kartoshkaning ustiga ezmasdan soling. Eng tepasiga sariyog‘ni qo‘ying. Olovni pasaytiring

Endi qozonchaning ustiga sochiq yopib, uning qopqog‘ini yoping. Guruchni 40 minut past olovda damlang.

Guruch dam yeguncha saffron tolalarini chelida maydalab oling va ustiga 2 osh qoshiq qaynagan suv quyib aralashtiring. Buni bir chetga surib turing. Bu aralashmani guruch pishgach uning bir qismiga qo‘shamiz.

40 minut o‘tgach guruchning qopqog‘ini oching va uning ustki qismini (kartoshkani qo‘shmasdan) bir aralashtirib oling.

Endi bu guruchdan 2 kapgir atrofida olib bitta idishiga soling va saffron damlamsini aralashtiring. Eron oshxonasida saffronni shunday ishlatishadi.

Guruchning qolgan qismini tovoqqa soling va ustiga saffron qo‘shilgan qismini soling.

Eng tepasiga esa kartoshkalarning qizarib pishgan tomonini tepaga qaratib guruchning ustiga qo‘ying.

Endi taomni fors usulida pishgan go‘sht yoki sabzavotlar bilan dasturxonga torting. Men Eroncha tovuqli kabob bilan qo‘ydim.

E’tibor qiling:

Guruchni uzoq qaynatmang, bo‘lmasa u damlanganda lanj bo‘lib qoladi.

Guruchni bu usulda saffron qo‘shmasdan pishirsa ham mazali bo‘ladi, lekin asl fors guruchi bolishi uchun albatta saffron ishlatilishi kerak.

Yoqimli ishtaha!!!

Blogda guruchni sog ‘lom usulda pishirishning boshqa turlarini ham topasiz.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com