You are currently viewing Hindcha non – chapati, yoki roti, yoki safati

Hindcha non – chapati, yoki roti, yoki safati

Ha, bu yupqa hindcha non nomlari ko‘p. Chapati tez tayyor bo‘ladigan, xamirturushsiz, yupqa nondir. U hind oshxonasiga tegishli bo‘lib, Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Shri-Lanka mamlakatlarida kundalik taom, hamda butun dunyoga hind restoranlari orqali tanilgan.

Kerakli mahsulotlar (12 dona 17.5 smlik chapati uchun):

  • 300 gr un (men oq va qora bug‘doy uni aralashmasidan ishlatdim)
  • 100 ml atrofida suv
  • 1 osh qoshiq eritilgan sariyog‘ yoki o‘simlik yog‘i
  • Yarim choy qoshiq tuz

Idishda un va tuzni aralashtiring.

Hindcha non chapati xamiri

Unga yog‘ni quying va qo‘l bilan biroz ishlov bering.

Endi suvni oz-ozdan quyib, qo‘lga yopishmaydigan xamir qoring.

Xamirni zuvala qiling va sellofanga o‘rab, xolodilnikka yarim soat yoki uzoqroq vaqtga solib qo‘ying.

Yarim soat o‘tgach xamirni olib uni zuvalalarga bo‘ling. Men 12 donaga bo‘ldim. Siz ham tovaning kattaligiga qarab bo‘lib oling.

Hindcha non chapati zuvalalari

Endi bitta xamirni ozgina un sepib, yupqa qilib yoying.

Buni qizib turgan tovaga qo‘ying va oldin bir tomoni, keyin ikkinchi tomonini pishirib oling.

Chapati pishayotganda ko‘tariladi. Ko‘tarilgan joylarini kapgir bilan sekin-asta bosib qo‘ying.

Hindcha non chapati pishirish protsessi

Hamma chapatilarni shu usulda pishirib oling va ustini o‘rab turing.

Hindcha non chapati tayyor

Chapatilar tayyor bo‘lgach, ularni dasturxonga torting. Odatda chapati karri yoki chatni bilan yeyiladi. Bizning blogda, yoki Telegram kanalda, tovuq go‘shtli karri hamda no‘xatli karri retseptlarini topishingiz mumkin.

E’tibor qiling:

Xamirga ortiqcha ishlov bermang, bo‘lmasa chapati qattiq bo‘lib qoladi.

Xamirni ancha oldin qorib qo‘yilsa ham bo‘ladi, lekin unda xolodilnikka solishdan oldin xamirning ustini yog‘lab qo‘ying.

Chapatini biroz qizargandan so‘ng uni olovning ustiga to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘yib ham qizartirish mumkin. Bu usul faqat gaz bilan ishlaydigan plitalarda qo‘llaniladi, elektr plitada qilib bo‘lmaydi.

Chapatini Hindcha karri bilan dasturxonga torting

Yoqimli ishtaha!!!

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com