Hindcha samosa hind oshxonasining eng mashhur vakillaridandir. U dunyoning ko‘p joylarida yeyiladi. Ayniqsa ramazon oyida iftorlikning boshlanishida dasturxonga tortiladi. Samosa xushbo’y, yengil va issiq taomdir. Siz ham hind ziyofatidan bir totib ko‘ring.
Aytishlaricha samosa Hindistonga Boburiylar bilan birga borgan ekan, balki samosa O‘rta Osiyodan kelib chiqqandir. Vegetarian va veganlar uchun ham to‘g‘ri keladi.
Kerakli mahsulotlar (20 dona uchun):
Xamir uchun:
- 400 gr un
- 3 osh qoshiq erigan saryog‘ yoki o‘simlik yog‘i
- 100 ml atrofida suv
- Bir chimdim tuz
- 2 osh qoshiq ajgon (Инди́йский тмин) agar bo‘lsa
Ichiga to‘ldirish uchun:
- 500 gr qaynatilgan (pishgan kartoshka)
- 1 dona piyoz
- 2 dona chesnok tishi
- 10 gr zanjabil
- 2 osh qoshiq saryog‘ yoki o‘simlik yog‘i
- 200 gr yashil no‘xat (xohishga qarab, men solmadim)
- 2 osh qoshiq sedana
- 1 dona achchiq qalampir (xohishga qarab)
- Yarimta limon sharbati
- Yarim bosh kashnich
Ziravorlar (hammasi mayda): zira, kashnich urug‘i, murch, paprika, quruq zanjabil va tuz.
Qo‘g‘rish uchun: 0.5-1 litr o‘simlik yog‘i
Qiymani tayyorlab olamiz
Buning uchun 500 gr kartoshkani po‘chog‘i bilan qaynatib olamiz. Pishgach po‘chog‘ini archib, mayda kubik qilib to‘rg‘aymiz.
Endi qozonchaga yog‘ni quyib, qizigach uning ustiga hamma ziravorlarni solib qo‘g‘iramiz.
Uning ustiga mayda to‘rg‘algan piyoz, qirg‘ichdan o‘tkazilgan zanjabil va chesnokni solib qo‘g‘iramiz.
Endi yarimta limonnig sharbatini va sedanani qo‘shamiz.
Ularni ham bir qo‘g‘irgach, maydalangan kartoshkani qozonchaga solamiz.
Yarim bosh kashnichni to‘rg‘ab uni ham aralashtirib, olovni o‘chiramiz va aralashmani sovutgani chetga surib qo‘yamiz.
Endi xamir qilamiz.
Un, tuz va ajgaronni laganchada aralashtirib olamiz.
Unlarning ustiga erigan saryog‘ni solib qo‘l bilan unga aralashtirib olamiz.
So‘ngra oz-ozdan suv quyib qattiqroq xamir qoramiz. Xamirni zuvala qilib yarim soat tindiramiz.
Yarim soat o‘tgach xamirni 20 dona zuvalachalarga bo‘lib chiqamiz.
Xar bitta zuvalani dumaloq qilib somsaning xamiri qalinligida yoyamiz.
Tugish
Samosalarni tugishning ikki xil yo‘li bor.
Birinchisi klassik usuli – bitta zuvala yoyilib u ikkiga bo‘linadi.
Keyin chetlariga suv surkab uchburchak cho‘ntak yasab olamiz (rasmga qarang).
Bu cho‘ntaklarning ichiga yarim osh qoshiq qiymadan solib tugib chiqamiz.
Bu usulda bitta zuvalachadan ikki dona kichkina samosa chiqadi.
Ikkinchi usuli – zuvalacha yoyilib unga bir osh qoshiq qiymadan solinib, xuddi uchburchak somsa tugilgandek tugiladi. Bu usulda samosalar kattaroq bo‘ladi. Men ko‘proq shu usul bilan tugaman, tezroq bo‘lgani uchun.
Mana hamma samosalarni tugib oldik.
Endi samosalarni qizib turgan yog‘da ikkala tomonini 3-4 minut qo‘g‘rib olamiz. Har solganda tovaning kattaligiga qarab ikki-uch dona solamiz.
Tayyor samosalrni issiqligida dasturxonga tortamiz. Odatda samosalar yalpiz, limon sharbati va tuz qo‘shilgan qatiq bilan yeyiladi.
E’tibor qiling:
Xamir qorishda yog‘ni oldin un bilan aralashtirib olish muhim, bo‘lmasa samosalar qirsillagan bo‘lmadi.
Suvni ham oz-ozdan qo‘shish kerak, bo‘lmasa xamir yumshoq bo‘lib ketishi mumkin va bu xamir bilan ishlashni qiyinlashtiradi.
Pishgan kartoshkalar yumshoq bo‘lishi kerak, biroz ezilgan lekin pyure emas.
Hindcha samosa go‘sht bilan pishirilsa ham bo‘ladi, lekin bu asosan vegetarian taom.
Yoqimli ishtaha!!!
Blogda boshqa hind taomlari ham bor. Masalan Tovuqli Karri, yoki Ko’rma tayyorlab ko’ring.
Veb sahifa: www.juvajon.com