You are currently viewing Inglizcha bulochkalar (Hot cross buns)

Inglizcha bulochkalar (Hot cross buns)

Bu inglizcha bulochkalar Buyuk Britaniyada juda qadimdan tayyorlanib kelgan. Ularni ayniqsa Pasxa bayrami atrofida ko‘p tayyorlashadi. Hozirda inglizcha bulochkalarni AQSH, Avstraliya, Yangi Zelandiya va dunyoning boshqa joylarida ham uchratish mumkin. Bugun men sizlarni Buyuk Britaniyalik mashhur oshpaz Merry Berrining retsepti bo‘yicha tayyorlangan inglizcha bulochkalar bilan tanishtiraman.

Kerakli mahsulotlar (12 dona bulochka uchun):

  • 500 gr un
  • 75 gr shakar
  • 1 choy qoshiq dolchin maydasi
  • 10 gr tuz
  • 40 gr sariyog‘ yoki margarin
  • 10 gr xamirturush
  • 150 gr mayiz
  • 1 dona limonning zesti
  • Ozgina muskat yong‘og‘i va qalampirmunchoq maydasi
  • 300 ml sut (iliq holatda)
  • 1 dona tuxum
  • 50 gr un (ustiga ishlatish uchun)
  • 2 osh qoshiq asal

Inglizcha bulochkalar uchun xamir qorish

Idishda hamma quruq mahsulotlar va ziravorlarni aralashtirib oling. Tuz va xamirturushni bir-biridan uzoqqa soling. Eritilgan sariyog‘, sut va tuxumni aralashtirib oling.

Inglizcha bulochkalar (Hot cross buns) uchun kerakli mahsulotlar

Quruq mahsulotlar va suyuq mahsulotlarni aralashtirib yumshoq xamir qoring. Keyin mayizni ham qo‘shib, xamirga yaxshilab ishlov bering.

Inglizcha bulochkalar (Hot cross buns) tayyorlash

Endi xamirni ustini o‘rab, shabboda yo‘q joyda 1 soat davomida oshiring.

Oshib chiqqan xamirga yana ishlov bering, keyin ustini o‘rab qo‘shimcha yana 1 soat oshiring. Hammasi bo‘lib xamir 2 soat oshadi.

Inglizcha bulochkalar (Hot cross buns) tayyorlash

Endi xamirni olib 12 ta teng bo‘lakka bo‘ling. Har bitta bo‘lakni dumaloqlab oling.

Inglizcha bulochkalar (Hot cross buns) tayyorlash

Bu bo‘laklarni yog‘langan listga orasini ochib qo‘yib chiqing. Inglizcha bulochkalarning ustini yengil narsa bilan o‘rab yana 40-60 minut atrofida yoki bulochkalar ikki barobar oshgunicha, oshiring.

Inglizcha bulochkalar (Hot cross buns) tayyorlash

Inglizcha bulochkalarni pishirish

50 gr unni ozgina suv bilan aralashtirib oling (rasmga qarang). Aralashma pankeykning xamiri suyuqligida bo‘lishi kerak. Bu xamirini toza paketga yoki konditer qopchasiga quying. Paketning uchini ozgina teshing.

Endi bulochkalarning ustiga sut yoki tuxum surkang. Qopchadagi suyuq xamirdan, ularning ustida X shaklini yoki boshqa o‘zingiz xohlagan shaklni chizing.

Inglizcha bulochkalar (Hot cross buns) tayyorlash

Endi inglizcha bulochkalarni 220⁰Cda qizib turgan duxovkada 15-20 minut atrofida pishiring.

Inglizcha bulochkalar (Hot cross buns)

Bulochkalar issiqligida ularning ustiga, biroz isitilgan asal surkang. Keyin ularni to‘la sovitib dasturxonga torting. Bu bulochkalarni odatda sariyog‘ bilan yeyiladi.

E’tibor qiling:

Bulochkalarning xamirini xolodilnikda kechasi bilan oshirish mumkin.

Ortib qolgan bulochkalarni toaster yoki tovada o‘rtasidan bo‘lib, biroz isitib yeyilsa juda mazali bo‘ladi.

Inglizcha bulochkalar (Hot cross buns)

Yoqimli ishtaha!!!

Blogda yana boshqa juda mazali bulochkalarning retseptini topasiz. Masalan, sinabon bulochkasi, dinner rolls yoki yopishqoq bulochkalar.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com