Go‘sht qiymasi, rayhon va pomidor juda yaxshi kombinatsiya hisoblanib, italiyalilarning yaxshi ko‘rgan taomiga aylangan. Siz ham italyancha qiymali spagetti totib ko‘ring.
Qiymali spagetti uchun kerakli mahsulotlar (5-6 portsiya uchun):
- 500gr spagetti
- 500gr mol go‘shtining qiymasi
- 50-60 gr suvga uyitilgan non (buxanka non yaxshiroq bo‘ladi)
- 2 dona piyoz
- 3 dona pomidor
- 1 dona chesnok tishi
- 1 dona tuxum
- 0.5 choy qoshiq shakar
- Ozgina yangi yoki quritilgan rayhon
- Choy qoshiq uchida oregano (bor bo‘lsa)
- Choy qoshiq uchida paprika
- Tuz va murch
- 2-3 osh qoshiq zaytun (olivka) yog‘i
- Xohishga qarab parmazan yoki qattiq pishloqning boshqa turi
Qiymaning ustiga qirg‘ichdan chiqarilgan piyoz, chesnok, suvda uyitilgan non, tuxum, tuz, murch, quritilgan rayhon, paprika va oreganoni qo‘shib aralashtiring. Endi 5-10 minut chetga surib qo‘ying (shakl berish oson bo‘ladi).
Endi qiymaning hammasini mayda dumaloq to‘pchalar qilib chiqing. Men shu qiymadan 32 dona to‘pchalar yasadim.
Endi tovaga 2 osh qoshiq zaytun yog‘ini quyib qizdiring. U qizigach qiymalarni solib har tomonini qizartirib oling. Odatda bir tomoniga 2 minut vaqt ketadi.
Endi qiymalarni bitta idishga terib oling va o‘sha tovaga mayda to‘rg‘algan piyozni soling va yengil qo‘g‘ring.
Yog‘ solish kerak emas. Endi uning ustiga maydalangan pomidor, tuz, shakar murch va oreganoni qo‘shing. Yana biroz qo‘g‘iring.
Yangi rayhonni ham maydalab soling va 150-200ml atrofida qaynagan suv quying.
Suv qaynab chiqqach qiyma to‘pchalarini yana qayta tovaning ichiga soling.
Endi ustini yopib o‘rtacha olovda 15 minut pishiring. Ora-orada qoshiq bilan aralashtirib turing.
Bu orada boshqa idishda tuzli suv qaynatib spagettini pishirib turing. Men bugun qora undan qilingan sortini ishatdim. Spagetti pishgach uning suvini to‘king.
Qiymalar pishgach,olovni o‘chring. Endi sousdan 7-8 qoshiq olib pishgan spagettining ustiga quyib aralashtiring. Buning uchun qiymalarni bir tomonga surib olsangiz (rasmdagidak) bu jarayon oson bo‘ladi.
Endi tarelkaga oldin bir kishilik spagettidan soling va uning ustiga qiymalar va sousdan soling. Yana maydalangan rayhon va murch seping. Xohlasangiz qirg‘ichdan o‘tkazilgan pishloq seping. Men parmazan pishlog‘idan sepdim.
E’tibor qiling:
Qiymali spagetti mazasida rayhon alohida rol o‘ynaydi, shuning uchun albatta quruq yoki yangi rayhon qo‘shing.
Agar sous qo‘yiq bo‘lib ketsa, unga spagetti qaynagan suvdan qo’shing.
Shakar solish pomidorning nordon ta’mini balanslashtiradi.
Pomidor qancha pishib yetilgan bo‘lsa, qiymali spagetti mazasi shuncha shirin chiqadi.
Qiymalar qo‘g‘irilgan tovada go‘shtning va ziravorlarning yog‘i bo‘ladi. Tovani yuvmasdan piyozni uning ustiga solib qo‘g‘rish ovqatga qo‘shimcha maza beradi.
Yoqimli ishtaha!!!
Blogdagi boshqa Italiya taomlari bilan ham tanishing. Masalan, Spagetti Karbonara ham dunyoga keng tarqalgan yana bir turdagi italyancha spagetti.
Veb sahifa: www.juvajon.com