You are currently viewing Kinva (quinoa, киноа) salat

Kinva (quinoa, киноа) salat

Kinva – oqsil, vitamin va minerallarga bo‘yligi bilan hamma don o‘simliklaridan yuqori turadi. G‘arbda u “super food”, ya’ni super taom, hisoblanadi. Bu salat ovqat o‘rnini bosadi va odam uchun kerakli hamma ozuqaviy moddalarga to‘la. Kinva salat sog‘lom ovqatlanishdagilar uchun ajoyib taom.

Kerakli mahsulotlar (6 portsiya uchun):

  • 300gr kinva
  • 4 dona pishgan qizilcha
  • 250-300gr feta yoki echkining sutidan qilingan pishloq, yo‘q bo‘lsa brinza
  • 150 gr yong‘og‘i
  • 200 gr pomidor (men cherri pomidor ishlatdim)
  • 1 dona limon sharbati
  • 60 ml zaytun (olivka) yog‘i
  • Salat bargi (xohishga qarab)

Ishni kinvani pishirib olishdan boshlaymiz. Buning uchun 300gr yuvilgan kinvaga 600 ml sovuq suv va bir chimdim tuz solib qaynatamiz.

Kinva quinoa salat uchun

Qaynab chiqqach olovni pasaytirib yana 10 minut atrofida yoki kinva yumshoq bo‘lguncha, qopqog‘ini yopib qaynataniz. Kinva hamma suvni tortib olishi kerak. So‘ngra olovni o‘chirib, kinvani bir chetga olib qo‘yamiz.

Kinva pishayotganda salatga ketadigan boshqa masalliqlarani tayyor qilib olamiz.

Pishloq va pishgan qizilchani maydaroq kubik shaklida to‘rg‘ayimiz (rasmga qarang). Agar katta pomidor ishlatilsa uni ham kubik qilamiz. Cherri pomidor bo‘lsa ularni o‘rtasidan bo‘lamiz. Tovada qizdirilgan yong‘oqni ham maydalab olamiz.

Kinva salat uchun masalliqlar

Qopqoqli idishga zaytun yog‘ini quyib, unga bitta limonning sharbatini, ozgina tuz va murch qo‘shamiz.

Endi qopqoqni makkam yopib, aralashmani yaxshilab 1 minut davomida silkitamiz.

Kinva salat uchun sous

Bu sousning yarmidan ko‘pini pishgan kinvaning ustiga quyamiz. Vilka yordamida aralashtirib olamiz. Sousning ozginasini salatning ustiga quyishga olib qo‘yamiz.

Salatning hamma qismlari tayyor. Endi uni yig‘ishga o‘tamiz.

Xohishga qarab tarelkaga salat bargidan solamiz. Uning ustiga kinvani bitta odam uchun mo‘ljallab solamiz (rasmda ko‘rsatilgan).

Endi uning ustiga qizilcha, pishloq va pomidorni solamiz va sousdan ozgina quyamiz.

Kinva salat tayyorlash

Eng oxirida yong‘oqdan sepib salatni dasturxonga tortamiz.

Salat tayyor

E’tibor qiling:

Kinvaga ko‘p suv qo‘shib yubormang, bo‘lmasa u yopishqoq (lanj) bo‘lib qoladi.

Agar fasli bo‘lsa anor donalarini ham bu salatga qo‘shilsa yana ham ko‘rinishi ajoyib bo‘ladi.

Xona haroratidagi limondan ko‘proq sharbat chiqadi.

Yong‘oq tovada biroz qizdirilsa, mazasi yanada yaxshilanadi.

Bu salatni xolodilnikda bir necha kungacha saqlash mumkin.

Yoqimli ishtaha!!!

Ovqat o’rnini bosuvchi boshqa bir necha xil salat retseptlarini mana bu yerdan topasiz. Masalan, Grekcha salat va Nicoise salati ham sog’lom, ham ovqat o’rnini bosuvchi salatlar.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com