Lag‘mon Or‘ta Osiyo mamlakatlari va Xitoyda tayyorlanadigan eng mazali taomlardan biridir. Bugun sizlarni lag‘mon uchun xamiri tayyorlash bilan tanishtiraman. Bu usulda tayyorlangan lag‘mon xamiri juda mazali va uzulmaydigan chiqadi.
Xamiriga (1300gr uchun):
- 200 ml suv
- 1 choy qoshiq tuz
- 500 gr un
- 1 dona tuxum
- 100 ml atrofida yog‘
Lag‘mon uchun xamir tayyorlash
Idishda tuz va unni aralashtirib oling. Keyin uning ustiga tuxumni chaqing.
170 ml suv quying. Endi suv, tuxum va unni aralashtirib xamir qorishni boshlang. Buning uchun qo‘lning kafti bilan xamirni bir-biriga ishqab chiqing (rasmga qarang).
Endi suvning qolgan 30 mlini oz-ozdan quyib aralashmani xamir holatiga olib keling. Xamirga 10 minut davomida ishlov bering. Uni to‘rtburchak shakliga olib keling. Xamir hali silliq bo‘lmaydi. Endi uni sellofan paketga o‘rab 20 minut tindiring.
20 minutdan so‘ng yana xamirni olib ishlov bering. Uni yana o‘rab qo‘ying. Bu jarayonni yana 2 marta qaytaring. Hammasi bo‘lib xamirni 3 marta 20 minutdan tindirish kerak.
Lag‘mon uchun xamir cho‘zish
Vaqt o‘tgach lag‘mon uchun xamirni olib, juva yordamida yoyib oling. Uning qalinligi 1 sm atrofida bo‘lishi kerak.
Endi xamiri bosh barmoq kengligida kesib oling.
Ularning ustiga yaxshilab o‘simlik yog‘i surkang. Keyin ularni idishga terib, ustini sellofan paket bilan o‘rab qo‘ying. Xamirni 20 minut tindiring.
Vaqt o‘tgach xamirni olib cho‘zing. Buning uchun xamirning bir tomoni bitta kaft bilan dumaloqlang. Ikkinchi qo‘l bilan esa tortib turing. Rasmga qarang.
Endi cho‘zilgan xamirni yog‘lab idishga tering. Xamirning hammasini shu usul bilan cho‘zib oling.
Yog‘langan xamirning ustini o‘rab 30 minut tindiring.
Vaqt o‘tgach, xamirning bittasini olib cho‘zib oling. Faqat bir marta cho‘zish yetadi. Men 8 ta xamirni cho‘zib olaman. Ularning uchlarini bir chetga tekis qilib qo‘yaman.
Keyin 8 ta xamirni ikkala qo‘limning orasiga o‘rab olaman. Ularni stolga urib, cho‘zib olaman.
Endi katta idishda qaynab turgan tuzli suvga xamirni soling. Xamirni bir marta suvga soling, chiqaring va yana soling.
Endi xamirni suvga to‘la soling, aralashtiring. Xamirni suvning yuzasiga chiqqanda, u tayyor bo‘ladi., Odatda bunga 2 minut atrofida vaqt ketadi.
Endi xamirni olib, sovuq suvga soling. Uni ikkala kaftingizni orasiga olib, oqib turgan suvda ishqab yuving.
Suvni yaxshilab oqizib, xamirni yog‘lab qo‘ying. Xamir tayyor, Uni darrovda yoki 24 soat ichida ishlatish mumkin.
E’tibor qiling:
Lag‘monning xamirini tindirish juda muhim.
Yoqimli ishtaha!!!
Blogda yana boshqa mazali taomlarning retseptini ham topasiz.
Veb sahifa: www.juvajon.com