Hammaga ma’lumki medovik torti tayyorlashning usullari ko‘p, hammasi o‘zgacha. Bu retsept bo‘yicha qilingan tort juda ham yumshoq chiqadi. Retseptining yana bir yaxshi tomoni – tayyorlash osonligi.
Kerakli mahsulotlar (17x15smlik kichkina tort uchun):
Xamir uchun:
- 60 ml asal
- 100 gr saryog‘
- 4 dona tuxum
- 60 gr shakar
- 130 gr un
- 5-6 gr razrixlitel
- 0.5 choy qoshiq choy sodasi (uksusda eritilgan)
Krem uchun:
- 200 ml qaymoq
- Yarim banka qo‘yiltirilgan sut
- 1 osh qoshiq shakar kukuni (xohlasangiz)
- Ozgina vanillin
Avvalo asalni qozonchaga solib eritamiz va unga choy sodasini solamiz.
Asalni tinmay aralashtiramiz. Asal bu orada qizaradi.
Endi olovni o‘chirib, asalning ustiga saryog‘ni solamiz, eritish uchun.
Alohida idishda 4 dona tuxum va sharkni qo‘shib mikser yordamida ko‘pirtirib olamiz.
Bu tuxum ko‘pirmasiga asalli eritmani sekin- asta quyamiz va mikser yordamida aralashtirib turamiz.
Endi elangan un va razrixlitelni qo‘shib aralashtiramiz. Men mikser venchigida aralashtiraman, oson bo‘lishi uchun.
Bu xamir suyuqroq (biskivitning xamiridagidek) bo‘ladi.
Tayyor xamirni fergament qog‘ozi solingan listga quyamiz. Men xamirning hammasini bitta katta listga quyib pishirdim. Keyin bo‘lib oldim,chunki men kichkina tort qilayapman. Agar siz kattaroq tort qilmoqchi bo‘lsangiz, xamirni shunga moslab bo‘lib pishiring.
Endi buni 180C° qizib turgan duxovkada 20 minut pishirib olamiz, doimgidek pishganini gugurt cho‘pi bilan tekshiramiz.
Krem tayyorlash
Korjni sovutgani qo‘yib, krem tayyorlashga o‘tamiz. Qaymoq, qo‘yiltirilgan sut, shakar pudrasi va vanilinni qo‘shib mikser yoki qo‘l venchikda aralashtiramiz.
Qaymoqning ustida iz qolishi bilan ko‘pirtrishdan to‘xtaymiz.
Endi korjining chekkalarini kesib olib, ularni keyinroq ishlatishga olib qo‘yamiz.
Korjlarni tayyor qilib, krem surkashni boshlaymiz.
Kremni hamma qavatlarga teng surkshga harakat qiling. Shunda xamir va krem orasida mutanosiblik bo‘ladi.
Keyingi ish ushoqlarini tayyorlash: Xohlasangiz korjning chekkalarini shunday maydalb oling va tortning ustiga seping. Men odatda ushoqlarni qupquruq tovaga solib, olovda biroz quritib olaman (rasmga qarang) va sepishdan oldin sovutaman. Bu ayniqsa korjning rangi och bo‘lib qolgan bo‘lsa ushoqlarning qizarishiga yordam beradi va ishlashni osonlashtiradi. Faqat ushoqlar tezda kuyishi mumkin, e’tiborli bo‘ling.
Tort tayyor bo‘lgach uning ustini xohlagancha bezatish mumkin, bolalarni bu jarayonga chaqirsa ham bo‘ladi.
Biz bugun eritilgan shokolad oqizib chiqdik, lekin quyida bir necha xil bezalgan medoviklarning rasmi bor.
Bu retsept bilan qilingan medovikni 2 soat tindirib dasturxonga tortish mumkin.
E’tibor qiling:
Bu tort kichkina (shuning uchun maxsulotlar grammi oz), butun tort uchun maxsulotlarni miqdorini ikkiga ko‘paytiring.
Qaymoqli krem tayyorlash uchun kerakli narsalar doim sovuq holatda bo‘lishi kerak. Men idish va mikserning venchigini muzlatgichga 10-15 minutga solib qo‘yaman.
Medovik torti doim salqin joyda saqlanishi kerak, masalan holodilnikda.
Yoqimli ishtaha!!!
Blogdagi boshqa tort retseptlarini mana bu yerda topasiz. Masalan, klassik tortlarimizdan bo’lmish Napoleon torti retseptini ko’ring.
Veb sahifa: www.juvajon.com