Nachinkali bulochka turlari juda ko‘p. Ularni bolalar va kattalar birdek yaxshi ko‘radi. Bugun sizlarni oson tayyorlanadigan nachinkali bulochka retsepti bilan tanishtiraman.
Kerakli mahsulotlar (19-20 dona bulochka uchun):
- 800-900 gr atrofida un
- 500 ml sut
- 150 gr xamirturish150 gr sariyog‘ yoki margarin (eritilgan)
- 150-200 gr shakar (ta’bga qarab)
- 1 choy qoshiq tuz
- 1 dona tuxum oqi (sarig‘ini ustiga surkash uchun olib qo‘ying)
- Nachinkasiga (ta’bga qarab): djem, yong‘oq va quyultirilgan sut aralashmasi, shokolad pastasi
Iliq sutga xamir uchun, undan tashqari, hamma mahsulotlarni soling.
Endi un qo‘shib yumshoq xamir qoring. Unni birdaniga hammasini qo‘shmang, xamir qattiq bo‘lib qolmasin. Endi xamirga yaxshilab ishlab bering. Buning uchun qo‘l yog‘lab olinsa oson bo‘ladi. Ishlov berilgan xamirning ustini o‘rab, 45-60 minut atrofida oshiring.
Oshib chiqqan xamirni yog‘langan stolning ustida bo‘laklarga bo‘lib oling. Men qilgan xamirdan 19 dona zuvalacha chiqdi. Endi ularning ustini o‘rab yana 10 minut tindiring.
Endi bitta zuvalani olib yoyib oling. Xohlasangiz rasmda ko‘rsatilganidek qilib kesib oling. Men bir qismini kesdim, qolgan qismini esa butun qoldirdim.
Yoyilgan xamirning o‘rtasiga o‘zingiz xohlagan nachinkadan 1 osh qoshiq atrofida soling.
Xamirning ikki tomonini buklab, keyin rulet qilib o‘rang.
Tugilgan bulochkalarni listga yonma yon qilib tering. Orasida ko’p joy qoldirmang. Ularning ustini o‘rab yana 25-30 minut atrofida oshiring.
Endi bulochkalarning ustiga tuxum sarig‘ini ozgina suv bilan aralashtirib surkang.
Ularni 180⁰Cda qizib turgan duxovkada 15-18 minut atrofida pishiring. Ularning usti qizarib pishadi.
Tayyor bulochkalarni biroz sovitib dasturxonga torting. Bu bulochkalar yangiligida eng mazali bo‘ladi.
E’tibor qiling:
Bulochkani albatta yaxshilab oshiring, shunda ular yumshoq bo‘ladi.
Xamirga ortiqcha un solib yubormang, bo‘lmasa bulochka mayin chiqmaydi.
Yoqimli ishtaha!!!
Blogda yana boshqa mazali bulochkalarning retseptini ham topasiz. Masalan, inglizcha bulochka, sinabon, babka va dinner rolls.
Veb sahifa: www.juvajon.com