You are currently viewing Nonushta uchun olma – sog‘lom nonushta

Nonushta uchun olma – sog‘lom nonushta

Bugun yana bir sog‘lom nonushta retsepti bilan tanishtiraman. Nonushta uchun olma (baked apples)mazali va foydali bo‘lib uni tayyorlash juda oson. U murakkab uglevodlar, tolalar va vitaminlarga to‘la. Nonushta uchun olma dasturxonga iliq tortiladi. Shuning uchun ular sovuq oylar uchun juda mos tushadi. Bu usulda pishgan olmani nonushtadan tashqari dessert uchun ham dasturxonga tortish mumkin.

Kerakli mahsulotlar:

  • 70 gr suli
  • 4 dona olma
  • 50 gr yong‘oq
  • 50 gr mayiz
  • Ozgina dolchin
  • 1 osh qoshiq jigarrang shakar (xohishga qarab)
Kerakli mahsulotlar Nonushta uchun olma uchun

Avval olmalarning o‘rtasini tozalab oling. Bu jarayonda olmaning bir tomoni albatta yopiq qolishi kerak. Bo‘lmasa ichidan sulili aralashma to‘kilib ketadi. Odatda men olmaning ichini tozalash uchun avval pichoq va keyin qoshiqdan foydalanaman.

olma tozalash

Olmaning tepa tomonidan po‘choqni archib yuboring.

Endi idishda hamma qolgan mahsulotlarni aralashtirib oling. Yong‘oq va mayizni pichoq bilan maydalab keyin qo‘shing.

Nonushta uchun olma tayyorlash

Bu aralashmani olmalarning ichiga soling. Men ortib qolgan aralashmani qolipning chetiga solib pishirib olaman.

Nonushta uchun olma tayyorlash

Endi bularni 175⁰C da qizib turgan duxovkada 25-30 minut davomida pishirib oling.  Nonushta uchun olma pishganda yumshoq, lekin o‘z shaklini saqlagan bo‘lishi kerak.

Nonushta uchun olma tayyorlash- duxovkada olma

Nonushta uchun olma tayyor. Uni issiqligida yogurt yoki smetana bilan dasturxonga torting. Agar olmalarni dessert sifatida dasturxonga tortmoqchi bo‘lsangiz, unda vanillin ta’mli muz-qaymoq bilan birga tortishni tavsiya qilaman.

Nonushta uchun olma

E’tibor qiling:

Agar olmaning tepa qismidan po‘chog‘i olib tashlanmasa, unda olmalar pishganda yorilishi mumkin.

Olmaning pishish vaqti uning turiga ham bog‘liq. Shuning uchun o‘zingiz foydalanayotgan olma turiga qarab vaqtni belgilang.

Yoqimli ishtaha!!!

Blogda yana boshqa sog‘lom nonushtalarining retseptini topasiz. Masalan, smuzi yoki granola va parfait.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com