Paella Ispaniyaning Valensiya regionidan kelib chiqqan taomdir. Uni butun dunyo Ispaniya milliy taomi deb biladi. Lekin Ispanlar uchun bu taom Valensiya taomi hisoblanadi. “Qog’ozli Qal’a” (Money Heist) serialini ko‘rganlar Paellani albatta taniydi.
Kerakli mahsulotlar (5-6 portsiya uchun):
- Ozgina saffron (saffron haqida mana bu yerda qo‘shimcha ma’lumot topasiz)
- 500 gr tovuq go‘shti
- 500 gr guruch (kalta guruch turi, suvni tortib oladigan)
- 2 dona piyoz
- 1 dona pomidor
- 3 dona chesnok tishi
- 200 gr yashil no‘xat
- 1 dona bulg‘or qalampiri
- 1 osh qoshiq paprika (ispancha bulg‘or qalampir kukuni)
- 2 osh qoshiq zaytun yog‘i
- 1ta tovuq go‘shti ta’mli zaxira (1 litr suvda eritilgan)
- 300 gr krevetkalar
- 1 dona limonning sharbati+ 1 dona limon (ovqatning ustiga)
- Tuz va murch
- Yarim bosh petrushka
Paella odatda katta va sayoz tovada tayyorlanadi.
Avval paella uchun saffronni tayyorlab olamiz. Ispaniya oshxonasida saffron biroz qizdirib keyin ishlatiladi. Buning uchun saffronni folga qog‘ozga o‘rab oling. Keyin uni quruq tovaga soling. Tovani olovga qo‘ying va saffronni qizdirib oling.
Paella tayyorlash
Birinchi tovaga tuz seping. Endi tovaga yog‘ni quying.
U qizigach kattaroq bo‘laklarga bo‘lingan tovuq go‘shtini soling. Go‘sht tovaga teng yoyilsin. Shunda u yaxshi qizaradi. Go‘shtning ustiga murch seping.
Endi tovaning bir chetiga surib turing. Tovaning bo‘sh joyiga mayda to‘rg‘algan piyozni soling va qo‘g‘iring.
Keyin hammasini aralashtiring. Tovaga mayda to‘rg‘algan pomidor va chesnok soling.
Keyin mayda to‘rg‘algan bulg‘or qalampiri va paprikani soling. Hammasini qo‘g‘iring.
Endi yuvilgan guruchni tovaga soling va ustiga saffronni qo‘shing. Guruchni u tovaga sal yopisha boshlagunicha qo‘g‘iring. Yashil no‘xatni qo‘shing.
Keyin guruchning ustiga 1 litr atrofida qaynatilgan va zaxira qo‘shilgan suvni quying. Suv qaynab chiqqach olovni paslating va qopqog‘ini yoping.
Guruch biroz pishganda va suvi ozayganda, uning ustiga krevetkalarni soling. Yana tovaning qopqog‘ini yoping.
Krevetkalar odatda 10 minutda pishadi. Ular pishangda och pushti rang bo‘ladi.
10 minut o‘tgach, olovni o‘chiring. Paellaga 5-10 minut dam yediring. Keyin uning ustiga limonning sharbatidan quying. Hammasini bir aralashtirib ustiga petrushka seping. Ta’bga qarab limon bilan bezating. Keyin paellani dasturxonga torting.
E’tibor qiling:
Paellani krevetkasiz ham tayyorlash mumkin. Yoki yana boshqa dengiz mahsulotlaridan foydalanish mumkin.
Yana paellani quyon va tovuq go‘shtini aralashtirib tayyorlash mumkin. Qadimda paella faqat quyon go‘shtidan tayyorlangan.
Yoqimli ishtaha!!!
Blogda yana boshqa ispancha taomlarning retseptini ham topasiz. Masalan, ispancha tortilla.
Veb sahifa: www.juvajon.com