Pakora vegetarian hindcha taomdir. Uni Hindistonda kafe, restoran va ko‘cha do‘konlaridan topish mumkin. Hozirda pakorani g‘arbda hindcha restoranlarda tayyorlanadi. Mazali va kamchiqim retsept.
Kerakli mahsulotlar (14-15 ta pakora uchun):
- 3-4 dona piyoz (hajmiga qarab)
- 1 dona kartoshka
- 200 gr un (men no‘xat uni va bug‘doy unini aralashtirdim)
- Yarim choy qoshiq choy sodasi
- 10 gr yangi zanjabil yoki yarim choy qoshiq qurig‘i
- Bitta yashil qalampir (xohishga qarab)
- 150 ml suv
- Ziravorlar: zira, kashnich, kukurma, achchiq qalampir maydasi, tuz va murch
- 400-500 ml o‘simlik yog‘i
Pakora tayyorlash
Archilgan piyoz va kartoshkani mayda qilib to‘rg‘ab olamiz. Qalampirni ham mayda to‘rg‘amiz.
Idishda un, zanjabil, choy sodasi va hamma ziravorlarni aralashtiramiz.
Endi ularning ustiga suvni quyib, aralashtiramiz. Aralashma smetananing quyuqligida bo‘lishi kerak.
Endi piyoz, qalampir va kartoshkani aralashmaga qo‘shamiz. Hammasini qo‘l bilan aralashtiramiz.
Pakora pishirish
Qozonchaga yog‘ni quyib, qizitib olamiz. Endi qizigan yog‘ning ustiga pakorani 1 osh qoshiqdan solamiz.
Ikki tomoni o‘rtacha olovda qizartirib olamiz. Bunga odatda 4 minut ketadi. Bu orada piyoz va kartoshka pishib chiqadi.
Pishgan pakorani qog‘oz salfetkaga qo‘yamiz. Pakoraning hammasini shu usul bilan pishirib olamiz.
Pishgan pakoralarni qatiqli chutney bilan dasturxonga tortamiz.
Qatiqli chutneyni tayyorlash
Qatiq, yalpiz, limonning sharbati, tuz va murchni aralashtiring.
E’tibor qiling:
Pakorani boshqa sabzavotlardan ham tayyorlash mumkin. Masalan, baqlajon, qo‘ziqorin, gulkaram.
Odatda, pakora achchiqroq bo‘ladi. Men achchiq qilmayman. Ta’bga qarab achchiq qilish mumkin.
Yoqimli ishtaha!!!
Blogda yana boshqa hindcha taomlarning retseptlarini topasiz. Masalan, samosa yoki karri.
Veb sahifa: www.juvajon.com