You are currently viewing Palmier va Paf-pastry (Puff-pastry)

Palmier va Paf-pastry (Puff-pastry)

Palmier ajoyib fransuzcha pechenye. Uning to‘la fransuzcha nomi “feuille de palmier” ya’ni palma daraxtining bargi degan ma’noni bildiradi. Palmier XX asrning boshlarida yaratilgan. Bu pechenyelar paf-pastry (puff-pastry) deb ataladigan qavatli xamirdan tayyorlanadi. Marhamat retsept bilan tanishing.

Kerakli mahsulotlar (26 dona palmier uchun):

Paf-pastry uchun:

  • 300 gr sariyog‘
  • Bir chimdim tuz
  • 280 gr un
  • 120 ml atrofida suv
  • 1 choy qoshiq atrofida limonning sharbati

Palmier tugish uchun:

  • 3 osh qoshiq shakar
  • Yarimta apelsinning zesti (po‘chog‘i)
  • Bitta tuxum (hammasi ishlatilmaydi)

Paf-pastry uchun xamir qorish

Bu qavatli xamir uchun ishlatiladigan mahsulotlarning hammasi muzdek bo‘lishi kerak. Sariyog‘ning 50 grammi muzdek, qolgan 250 grammi esa yupqa plastinka qilib oldindan tayyorlanib olinishi kerak.

250 gr unga 50 gr sariyog‘ni uqalab oling. Tuzni soling. Keyin limonning sharbati qo‘shilgan muzdek suvni quying.

Paf-pastry uchun kerakli mahsulotlar
Paf-pastry uchun xamir qorish

Tezda xamir qoring. Xamirga ortiqcha ishlov bermang. Bu xamirni endi sellofan bilan o‘rab xolodilnikka 1 soatga solib qo‘ying.

Paf-pastry uchun xamir

Paf-pastry tayyorlash

Sariyog‘ning qolgan 250 grammini esa, yupqa plastinka qilib tayyorlab oling va uni ham xolodilnikka soling. Sariyog‘ni plastinka qilib tayyorlashni mana bu linkda to‘la tushuntirganman.

Vaqt o‘tgach xamirni xolodilnikdan oling va 40×30 sm atrofida to‘rtburchak shaklida yoyib oling.

Endi uning ustiga tayyor sariyog‘ plastinkasini qo‘ying. Sariyog‘ xamirning bir qismiga qo‘yiladi.

Paf-pastry tayyorlash

Endi xamirning yarmini sariyog‘ning ustiga yoping. Chetlarini juva bilan biroz yopishtiirib oling. Keyin xamirni o‘rab xolodilnikka 30 minut yoki uzoqroq vaqtga solib qo‘ying.

Paf-pastry tayyorlash

30 minutdan so‘ng xamirni oling. Ozgina un sepilgan stolga qo‘ying. Bu safar birinchi safardan qarama-qarshi tomonga yoying.

Xamirning pastki uchdan bir qismini markaziga olib keling. Keyin tepadan uchdan bir qismini ham markazga olib kelib, pastki qismining ustiga qo‘ying. Bu safar xamir uchga buklanadi. Yana xamirni o‘rab xolodilnikka 30 minut yoki uzoqroqqa solib qo‘ying.

Paf-pastry tayyorlash

30 minut o‘tgach yana xuddi yuqoridagi jarayonni takrorlang. Ya’ni xamirni 40×30 atrofida yoyib, uchga buklang. Faqat xamir har safar qarama-qarshi tomonga yoyilishi kerak. Buning uchun xamirning ochiq tomoni stolga o‘ng tomoningizga qo‘yilsa har safar qarama-qarshi tarafi yoyiladi. Bu jarayon 4 marta takrorlanadi.

Xamir 4 marta yoyilgandan so‘ng paff-pastry xamiri tayyor bo‘ladi.

Palmier pechenyelarini tayyorlash

Buning uchun xamirni 45×35 atrofida yoyib oling.

Xamirning qalinligi esa 0.5sm atrofida bo‘lishi kerak. Endi uning ustiga shakar va apelsin zestini seping.

Palmier tayyorlash

Xamirning bir tomonini 2 sm atrofida buklang va markazga qaratib o‘rab keling.

Palmier tayyorlash
Palmier tayyorlash

Markazga kelganda to‘xtang. Ikkinchi tomonini ham shunday qilib markazga olib keling. Keyin ikkala tomonning tepasiga tuxum surkang. Bir tomonni ikkinchi tomonning ustiga qo‘ying. Endi ruletni o‘rab xolodilnikka 30 minutga solib qo‘ying.

Palmier pechenyelarini pishirish

30 minutdan so‘ng palmierning xamiri kesilishga tayyor bo‘ladi. Ruletning ikkala tomonidan notekis chetini kesib tashlang.

Palmier tayyorlash

Keyin ruletning qolgan qismini 1sm qalinlikda kesing. Keyin palmierlarni fergament qog‘ozi solingan listga tering.

Palmier tayyorlash

Listga terganda albatta pechenyelar orasida joy qoldiring. Chunki pishganda palmierlar yoyiladi. Har bir palmierni qo‘l bian biroz yapaloqlab oling.

Palmier pishirsh

Endi ularni 180⁰Cda qizib turgan duxovkada 12-15 minut davomida pishiring. Pishib chiqqan palmierlarni sovitib keyin dasturxonga torting.

Franszucha palmier shirinligi
Franszucha palmier shirinligi

E’tibor qiling:

Paff-pastry tayyorlash, biroz murakkab jarayon. Lekin xamir o‘xshashi uchun albatta hamma jarayonni qilish kerak. Bo‘lmasa xamir paff-pastry emas, oddiy uqalanadigan xamir bo‘lib qoladi. Pishganda va yeyilganda paff-pastry va uqalanadigan xamirning farqi ancha katta.

Men paff-pastry tayyorlashdan oldin unni ham xolodilnikka solib qo‘yaman. Yana suvga albatta muz solaman.

Palmierning ichiga apelsinning zestidan tashqari dolchin maydasi ham sepish mumkin.

Palmier havo o‘tmaydigan idishda yaxshi saqlanadi, lekin ortib qolishi amri mahol.

Franszucha palmier shirinligi

Yoqimli ishtaha!!!

Blogda yana boshqa fransuzcha pishiriqlarning retseptini ham topasiz. Masalan, klafuti.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com