You are currently viewing Pasta salat – yana bir sog‘lom taom

Pasta salat – yana bir sog‘lom taom

Pasta salat ovqat o‘rnini bosuvchi, foydali va mazali salatdir. Unda odam organizmi uchun kerakli moddalar ya’ni oqsil, vitamin va uglevodlar bor. Uni sovuq holatda iste’mol qilinganligi uchun pasta salat ishga yoki piknikka olib ketish uchun ham juda mos keladi. Oldindan tayyorlab qo‘ysa bo‘ladigan taom.

Kerakli mahsulotlar (6 portsiya uchun):

  • 500 gr pasta (men qora bug‘doy unidan qilinganidan foydalandim)
  • 250-300 gr grilda pishgan tovuq go‘shti (blogda retsepti bor)
  • 1 dona qora (siyohrang) piyoz yoki yarim bog‘ ko‘k piyoz
  • 1 dona bulg‘or qalampiri
  • 3 dona pomidor (men cherri turida foydalandim)
  • 2 dona bodring (men uzun turining yarmini qo‘shdim)
  • 150 gr atrofida zaytun donalari
  • Ozgina rayhon bargi

Pasta salat sousi uchun

  • Bitta limonning sharbati
  • 5 osh qoshiq zaytun (olivka) yog‘i
  • Yarim choy qoshiq oregano (agar bo‘lsa)
  • Tuz va murch
pasta salat uchun kerakli mahsulotlar

Eng avval pastani tuzli suvda pishirib oling (yo‘riqnomasiga qarab).Pasta pishgach suvini to‘kib yuboring. Endi pastani sovuq suv bilan chayib oling va suvini yaxshilab silking.

Hamma sabzavotlarni va pishgan tovuq go‘shtini o‘zingiz xohlagan kattalikda va shaklda to‘rg‘ab oling. Odatda pastaning shakliga moslab to‘rg‘aladi.

pasta salat uchun kerakli mahsulotlar

Pasta salat uchun sous tayyorlash

Limonning sharbati, zaytun yog‘i, oregano, murch va tuzni qopqoqlik idishchaga solib qattiq silkiting. Shunday qilinsa sous qo‘yiladi.

pasta uchun sous

Endi pastaning ustiga hamma sabzavotlar, sovuq suvda chayilgan piyozni, go‘sht va sousni qo‘shing. Rayhon barglarini ham qo‘lda bo‘lib soling (mayda to‘rg‘ash shart emas). Hammasini yaxshilab aralashtiring.

Pasta salatni dasturxonga torting.

Grilda tovuq go’shti pishirish retseptini bu yerda topasiz.

E’tibor qiling:

Pasta salatning hamma narsasini alohida oldindan tayyoralab qo‘yilsa bo‘ladi, faqat dasturxonga tortishdan oldin sous bilan aralashtiring.

Pasta salatning ortgan qismiga yana zaytun yog‘i va limonning sharbati qo‘shilsa u yangidek bo‘lib qoladi.

Piyozning boshqa turlaridan foydalanmang, ularning ta’mi o‘tkir bo‘ladi.

pasta salat

Yoqimli ishtaha!!!

Blogda yana boshqa sog’lom salatlarning retseptini ham topasiz.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com