Pirojki rus oshxonasining eng mashhur vakillaridan biridir. U O‘zbekistonda ham keng tarqalgan. Pirojkining juda turi ko‘p. Uni go‘sht, sabzavotlar yoki mevalardan tayyorlash mumkin. Men bugun uni sabzavotlar bilan tayyorladim.
Kerakli mahsulotlar (20 dona pirojki uchun):
Xamiriga:
- 500 ml sut
- 650 gr atrofida un
- 10 gr xamirturush
- 1 choy qoshiq shakar
- 10 gr tuz
- 1 dona tuxum
- 50 gr eritilgan sariyog‘ yoki margarin
Qiymasi uchun:
- 1 dona karam
- 2 dona piyoz
- 300 gr qo‘ziqorin (xohishga qarab)
- 1 osh qoshiq o‘simlik yog‘i
- Tuz, murch, zira va kashnich urug‘i
Pirojki uchun xamir qorish
Buning uchun iliq sut, shakar va xamirturushni aralashtirib olamiz. Endi boshqa idishda un va tuzni aralashtiramiz.
Quruq mahsulotlarning ustiga sutli aralashma, tuxum va yog‘ni qo‘shib yumshoq xamir qoramiz. Xamir yopishqoq bo‘ladi. Qiyin bo‘lsa ham xamirga ishlov beramiz, ya’ni qo‘l bilan aralashtirishda davom etamiz.
Xamirni un sepilgan stolning ustiga olamiz va dumaloqlab olamiz. Keyin yog‘langan idishga solamiz. Xamirning ustiga ham yog‘ surkaymiz. Endi uni sellofanga o‘rab, shabboda bo‘lmaydigan joyda oshiramiz. Men mikroto‘lqinli pechni ichiga solib qo‘yaman (pech albatta o‘chirilgan bo‘lishi shart).
Pirojki uchun qiyma tayyorlash
Yuvilgan piyoz, karam va qo‘ziqorinni maydalab to‘rg‘ab olamiz.
Tovaga yog‘ni quyamiz va qizigach piyozni solamiz. Piyoz biroz qo‘g‘irilgach, tovaga karamni qo‘shamiz. Karam ham qo‘g‘irilgach qo‘ziqorin, tuz, murch va ziravorlarni solamiz.
Sabzavotlar pishgach olovni o‘chiramiz va qiyma sovishi uchun, uni bir chetga surib qo‘yamiz.
Pirojki tugish
Oshib chiqqan xamirni olib 20 dona bo‘lakka bo‘lib olamiz. Har birini dumaloqlab olamiz. Stolning usti va qo‘l yog‘lab olinsa, xamir bilan ishlash oson bo‘ladi. Pirojkining xamiri ishlashga eng yoqimli bo‘lgan xamirlardan biridir. Zuvalalarni ustini o‘rab besh minut davomida tindiramiz.
Endi bittasini olib 15 sm atrofida doira qilib yoyib olamiz.
Uning ustiga 2 osh qoshiq karamli qiymadan qo‘shamiz. Xamirning ikki chetini bir-biriga mahkamlaymiz.
Keyin uni fergament qog‘ozi solingan yoki yog‘langan listga, chokini pastga qaratib, terib chiqamiz.
Tugilgan pirojkilarning ustini o‘rab 15 minut tindiramiz. Keyin ustiga tuxum sarig‘i va sutli aralashmadan surkaymiz.
Ularni 200⁰Cda qizib turgan duxovkada 15-18 minut davomida pishiramiz. Pirojkilarni yog‘da qo‘g‘irish ham mumkin. Mana bu linkda qo‘g‘irish usulini topasiz. Ikkala usulda ham pirojkilar mazali bo‘ladi, lekin duxovkada pishirilganda kaloriyasi sezilarli miqdorda kam bo‘ladi.
Tayyor pirojkilarni issiqligida dasturxonga tortamiz.
E’tibor qiling:
Xamirga ko‘p un solib yubormang. Bo‘lmasa xamir mayin bo‘lmaydi.
Qiyma xamirga solinishdan oldin, albatta xona haroratida bo‘lishi kerak. Agar qiyma issiq bo‘lsa, xamirni yumshatib yuboradi. Natijada sabzavotlardan chiqqan suv tashqariga oqib ketadi.
Yoqimli ishtaha!!!
Blogda karamdan pirog tayyorlashning retseptini ham topasiz.
Veb sahifa: www.juvajon.com