You are currently viewing Qiymali naan

Qiymali naan

Qiymali naan hind oshxonasining yana bir vakili bo‘lib, go‘shtli nonning bir turidir. Mazasi boshqacha, to‘yimli va iftorlik uchun juda mos keladi. Yaqinlaringiz uchun tayyorlab bering.

Kerakli mahsulotlar (5 dona 28 smlik nonlar uchun):

Xamiri uchun

  • 500gr atrofida un
  • 250 ml suv
  • 7 gr  xamirturush1 choy qoshiq shakar
  • 1 choy qoshiq tuz
  • 2 osh qoshiq yog‘ va yana ozgina tovga surkash uchun

Qiymasiga

  • 500 gr mol go‘shtining qiymasi
  • 2 dona piyoz
  • 1 dona chesnok tishi
  • 10 gr zanjabil
  • Ozgina har xil ko‘katlar. Misol uchun, ko‘k piyoz, ukrop,kashnich (men ismaloq va kashnich qo‘shdim)
  • 1 choy qoshiq o‘simlik yog‘i

Ziravorlar: zira, kashnich urug‘i, murch, paprika va tuz

Eng avval xamirni qoramiz. Buning uchun iliq suv, shakar va xamirturushni laganchada aralashtiramiz.

Ularning ustiga elangan un, tuz va yog‘ni solib xamir qoramiz.

Qiymali naan xamiri

Yaxshilab ishlov berilgan xamirning ustini o‘rab 45-60 minut iliq joyda oshiramiz.

Ungacha qiymani tayyor qilib turamiz. Tovaga 1 osh qoshiq yog‘ solib, qizigach uning ustiga go‘shtni solib qo‘g‘iramiz.

Qiymali naan uchun qiyma

Keyin mayda to‘rg‘algan piyoz, chesnok va zanjabilni ham solamiz.

Endi ziravorlarning hammasini solib go‘sht pishguncha o‘rtacha olovda pishiramiz.

Qiymali naan masalliqlari

Oxirida mayda to‘rg‘algan ko‘katlarni solib, ularni ham bir aralashtirgach, olovni o‘chiramiz. Qiymani sovitgani chetga surib qo‘yamiz.

Oshib chiqqan xamirni zuvalachalarga bo‘lamiz. Men 5ga bo‘ldim.

Qiymali naan uchun xamir

Xar bir zuvalani 1 sm qalinlikda yoyib, o‘rtasiga qiymadan solamiz va uni yana dumaloq qilib tugamiz.

Qiymali naan tayyorlash

Keyin bu zuvalalarni bitta-bitta yog‘langan qo‘l bilan yoyib olamiz.

Endi qizib turgan tovaga ozgina yog‘ quyib naanlarning ikki tomonini, o‘rta olovda qizarguncha pishiramiz. Naanlar tezda pishadi.

Qiymali naan pishirish

Naanlarning hammasi pishgach, dasturxonga issiqligida tortamiz. Ba’zi odamlar qiymali naanni qatiq bilan qo‘shib yeyishni yoqtiradi.

E’tibor qiling:

Qiymali naan bittasini pishirib, keyin ikkinchisini yoyib tursangiz, osonroq bo‘ladi.

Naanlarni isitib yesa ham bo‘ladi.

Ta’bga qarab achchiqroq qilish ham mumkin.

Qiymali naan tayyor

Yoqimli ishtaha!!!

Blogda boshqa nonlar retseptlari ham bor. Masalan afg’oncha go’shtli non.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com