You are currently viewing Qiymali rulet- yoki Meatloaf

Qiymali rulet- yoki Meatloaf

O’qilishi ‘mitlof’. Bu so’zni o’zbek tiliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qilinsa ‘qiymali buhanka’ bo‘ladi. Rus tilida ‘Мясной рулет’ deb tanilgani uchun ‘qiymali rulet’ deb tarjima qildim.

Qiymali rulet V asrlardan beri Yevropada tayyorlanib kelishi tarixiy kitoblardan ma’lum. Hozirda uning juda ko‘p turlari bor. Bugungi qiymali rulet retsepti odatda AQSHda uchraydigan turi bo‘lib, u XIX asrlarda paydo bo‘lgan. Bu qiymali rulet o‘zida tipik Shimoliy Amerika ta’mlarini mujassamlaydi.  Oson va sog‘lom retsept.

Kerakli mahsulotlar (7-8 portsiya uchun):

  • 1 kg mol go‘shtining qiymasi
  • 2-3 dona chesnok tishi
  • 1 dona piyoz
  • 100 ml sut
  • 2 dona tuxum
  • 150 gr atrofida buxanka non
  • 1 osh qoshiq zaytun yog‘i
  • 2 osh qoshiq atrofida parmazan pishlog‘i (qirg‘ichdan o‘tkazilgani)
  • Yarim bog‘ petrushka

Glazur uchun:

  • 1 osh qoshiq jigarrang shakar
  • 2 osh qoshiq Worcester sousi (Вустерский соус)
  • 3 osh qoshiq tomat
  • 4 osh qoshiq ketchup
  • Ozgina chesnok qurug‘i

Qiymali rulet uchun go‘sht tayyorlash

Buning uchun piyozni mayda qilib to‘rg‘ab olamiz. Tovaga yog‘ni quyib, ustiga piyozni solamiz. Piyozni och tilla rang bo‘lgunicha qo‘g‘iramiz. Keyin uni biroz sovishi uchun bir chetga surib qo‘yamiz. Nonni maydalab olamiz. Usitiga esa sutni quyamiz.

Keyin biroz sovigan piyoz, ezilgan chesnok, to‘rg‘algan petrushka, tuxumlar va parmazan pishlog‘ini solamiz. Ta’bga qarab tuz va murch sepamiz.

Qiymali rulet tayyorlash

Keyin aralashmaning ustiga go‘shtni solamiz.

Yaxshilab aralashtiramiz. Qiymani 5-10 minutga tindiramiz. Bu tindirish qiymaga shakl berish va go‘shtni xona haroratiga olib kelishga yordam beradi.

Qiymali rulet tayyorlash

Endi qiymali ruletga shakl beramiz. Bu miqdordagi qiymadan ikkita kichikroq yoki bitta katta rulet tayyorlash mumkin. Men uzunligi 45 sm, balandligi esa 8 smli rulet yasadim. Ruletni listning ustida yasash oson bo‘ladi. Listning ustiga fergament yoki folga qog‘ozi solish mumkin.

Glazur tayyorlash

Idishda ketchup, tomat, shakar, chesnok qurug‘i va worcester sousini aralashtirib olamiz.

Qiymali rulet tayyorlash

Endi glazurning yarmini ruletning ustiga surkaymiz.

Qiymali rulet tayyorlash

Qiymali ruletni 190⁰C qizib turgan duxovkada 50 minut davomida pishiramiz. 50 minut o‘tgach, qiymali ruletni duxovkadan olib, glazurning qolgan qismini surkaymiz va yana 10 minut davomida pishiramiz. Qiymali ruletni pishirishga hammasi bo‘lib 60 minut vaqt ketadi.

Qiymali rulet tayyorlash

Qiymali rulet tayyor. Uni kesib dasturxonga tortamiz. Men listning bo‘sh qismida kartoshka va sabzi pishirdim. Yana ruletning yoniga kole-slov salatidan ham tayyorladim. Salatning retseptini bu linkda topasiz.

Qiymali rulet

E’tibor qiling:

Qiymali rulet 2-3 kungacha xolodilnikda yaxshi saqlanadi. Undan sendvich ham tayyorlash mumkin.

Qiymali ruletni glazursiz ham tayyorlash mumkin. Lekin glazur ruletning sharbatini saqlab qolishga yordam beradi.

Вустерский соус yo‘q bo‘lsa, o’rniga ozgina‘ soya sousi qo‘shish mumkin. Chunki ikkala sous ham ‘umami’ ta‘mini beradi.

Qiymali rulet

Yoqimli ishtaha!!!

Blogda yana AQSH oshxonasining yana boshqa mazali go‘shtli taomlarining retseptini ham topasiz. Masalan, salisbury steak yoki  sloppi Joe.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com