You are currently viewing Qulupnayli keks

Qulupnayli keks

Qulupnayli keks mayin, nam  va ajoyib iforli bo‘ladi. Bu keksni tayyorlash juda oson bo‘lib odatda qulupnay faslida pishiriladi.

Kerakli mahsulotlar (22.5 smlik keks uchun):

  • 2- 3 dona tuxum hajmiga qarab
  • 200 gr shakar (1 stakan)
  • 100ml o‘simlik yog‘i
  • 200 ml smetana
  • 250 gr atrofida un
  • 2 choy qoshiq razrixlitel yoki ichimlik sodasi (uksus bilan eritilgan)
  • 10 dona qulupnay
  • 1 choy qoshiq shakar kukuni
  • Ozgina tuz

Qulupnayli sous uchun

  • 8-10 dona qulupnay
  • 1osh qoshiq shakar kukuni

Ishni shakar va tuxumlarni mikser yordamida ko‘pirtirishdan boshlaymiz.

Qulupnayli keks

Biroz ko‘pirib chiqqach uning ustiga smetana va yog‘ni qo‘shamiz va yana 1-2 minut mikser bilan ko‘pirtiramiz.

Endi unning yarmini, razrixlitel va tuzni solib yana mikser bilan aralashtiramiz. Keyin unning qolgan qismini ham aralashtirib olamiz. Bu keksning xamiri odatdagi kekslarning xamiri suyuqligida bo‘lishi kerak.

Qulupnayli keks xamiri

Xamirning bir qismini yog‘langan va fergament qog‘ozi solingan qolipga quyamiz. Keyin uning ustidan yupqa parraklangan qulupnaylarni terib chiqamiz.

Endi xamirning qolgan qismini quyib yana uning ustiga qulupnaylardan terib chiqamiz.

Qulupnayli keks mevasini teramiz

Bu keksni 170C° da qizib turgan duxovkada 60 minut pishiramiz. Pishganligini gugurt cho‘pi bilan tekshirib olamiz.

Keksni biroz sovitib (5-10 minut atrofida), qolipdan chiqarib olamiz. Chiqarishdan oldin, chetlarini pichoq bilan yurgizib oling.

Endi ustiga shakar kukuni sepib dasturxonga tortamiz. Ustiga qulupnayli sous quyishni tavsiya qilaman, juda ajoyib ta’m beradi.

Qulupnayli sous tayyorlash:

Yumshoq 8-10 dona kesiligan qulupnaylarni va shakar kukunini blender yordamida aralashtirsangiz, sous tayyor. Bu sous ertasiga ham ishlatish uchun xolodilnikda yaxshi saqlanadi.

Qulupnayli keks uchun sous

E’tibor qiling:

Qulupnayli keks mazasi iliq va sovuq holatda ham o‘zgarmaydi.

Mevasi bor kekslarni pastroq olovda, lekin uzoqroq, pishirish kerak, bo‘lmasa ichi nam bo‘lib qoladi.

Qolip tubiga fergament qog‘oz solish shart emas, solinsa keksni qolipdan chiqarish oson bo‘ladi.

Qulupnayli keks tayyor

Yoqimli ishtaha!!!

Blogda boshqa qulupnayli dessertlar retseptlari bor. Masalan, shokolad va qulupnayli tort, yoki shokolad bilan qoplangan qulupnay.

Telegram kanalimizga ulaning

Veb sahifa: www.juvajon.com